Ozor yetsa, kechiring va…

Ozor yetsa, kechiring va…

Ozor yetsa, kechiring va…

Mundarija скрыть
Ozor yetsa, kechiring va…
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Bir otboqar hayoti davomida o‘z ranchosidan boshqa joyni ko‘rmagandi. U kuchli, shu bilan birga juda ta’sirchan va samimiy yigit edi. Kim bilan gaplashmasin, suhbatdoshini tushunishga urinar, yigit uchun halollik va rostgo‘ylik hamma narsadan muhim hisoblanardi. Taqdir taqozosi bilan u boy xonadonda tug‘ilmadi, shu sabab, o‘z noni va kiyim-kechagini mashaqqatli mehnati orqali topardi.
Kunlarning birida tasodifan shu yerdan o‘tib ketayotgan bir kishi yigitga ranchodan uncha uzoq bo‘lmagan shaharga ko‘chma hayvonot bog‘i kelganini aytib qoldi. Otboqar hayvonlarni juda yaxshi ko‘rardi va dunyoning turli burchaklaridan yig‘ilgan yovvoyi jonivorlarni ko‘rishga ham qiziqdi. Bu qarorga kelish uning uchun oson bo‘lmadi, axir u hech qachon ranchodan boshqa hech qayerni ko‘rmagandi. Ammo yigit pul to‘plab, safarga otlandi.

yulbars

Shaharda uni ko‘p narsalar hayratga soldi, lol qoldirdi. Ammo yigit bu yerda uzoq qolishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Shu sabab, faqat hayvonot bog‘iga borib, keyin darhol uyiga qaytishga qaror qildi. Manziliga yetgach, u chipta sotib olib, turli jonivorlar yotgan qafaslar joylashgan katta maydonga kirdi. Yigit dunyoda shunaqa g‘alati va antiqa hayvonlar mavjudligini hatto xayoliga ham keltirmagandi. Fil, jirafa, tovus, kengurular qafasi oldida u lol qolgancha uzoq turarkan, tabiatning turfa hayvonot olamini yaratishdagi mahoratiga tahsinlar aytdi. Kutilmaganda u qandaydir ko‘zga tanish hayvonni ko‘rib, xursand bo‘lib ketdi.
– Mushuk! Qarang, axir bu oddiy mushuk-ku! Faqat bizning mushuklardan ancha baquvvat ekan!.. – xitob qildi u yo‘lbars yotgan katak yonida paydo bo‘lib. Yigit boshqalarga uzoqdan kelgan bo‘lsa-da, turli hayvonlarni bilishini ko‘rsatib qo‘ygisi keldi va “mushuk”ni silamoqchi bo‘lib, katak ichkarisiga qo‘lini tiqdi. Ammo yo‘lbars qahr bilan bo‘kirib, to‘satdan bir sakradi-yu, uzatilgan qo‘lni o‘tkir changali bilan tirnab tashladi.
Otboqarni zudlik bilan shifoxonaga olib borishib, qo‘lini operatsiya qilishdi va barcha to‘qimalarini tiklashdi. U esa hammaga hech qanday yomon niyatda bo‘lmaganini, faqatgina katta “mushuk”ni silamoqchi bo‘lganini tushuntirishga urinardi. Uning yuragida ranju alam uyg‘ondi, taqdirning bu qadar adolatsizligidan zorlandi – yigitning ezgu niyati kuchli og‘riq bilan “taqdirlangan”di. Keyin iztirobi nafratga aylangan yigit yetkazgan ozori uchun “katta mushuk”dan o‘ch olmoqchi bo‘ldi.
Ertasi kuni bemorning ahvolini bilish maqsadida xonaga bosh suqqan shifokor otboqarni juda iztirobli holatda uchratdi. Shifokor yigitdan buning sababini so‘rab-surishtirib, bo‘lib o‘tgan voqea haqida bilgach, dedi:
– Bir yovvoyi hayvon yetkazgan ozor uchun bunchalar xafa bo‘lish kerak emas. Axir bu – uning tabiati. Uni kechirish – aqlli odamning ishi. Siz ham jonivorni kechiring va hammasini unuting!
Bu so‘zlar otboqarni ta’sirlantirdi. U yo‘lbarsdan xafa bo‘lib, g‘azablanib yanglishganini tushundi va jonivorni chin dildan kechirdi. Hatto bu tuyg‘u uning qalbini yumshatib yubordi va yigit shu qadar qattiq g‘azablangani uchun yo‘lbarsning oldida o‘zini aybdordek his etdi. Shifoxonadan ketishga ruxsat berishganida esa to‘g‘ri hayvonot bog‘iga yo‘l oldi.
Yigit yo‘lbars qafasi oldiga kelib, unga gapira boshladi:
– Tunov kuni yetkazgan jarohating uchun seni kechirdim. Bu ishda hech qanday aybing bo‘lmasa-da, sendan g‘azablandim. Shuning uchun hozir sendan kechirim so‘rayman. Bularni ayta olayotganim qanchalar yaxshi-ya…
Ko‘ngli bo‘shab ketgan otboqarning ko‘zlariga yosh qalqdi. Aybiga ich-ichidan iqror bo‘lgan yigit yo‘lbarsga qo‘l tegizmoqchi bo‘ldimi, yoki uni quchish niyatidami, endi sog‘lom qo‘lini qafasning sim to‘rlari osha ichkariga uzatdi. Ammo yo‘lbars yana bo‘kirib, panjasi bilan yigitga tashlandi va uzatilgan qo‘lni tirnab jarohatladi…
Otboqarning qanchalar hafsalasi pir bo‘lganini ta’riflashga so‘z ojiz. Lekin yigit bu safar xafa bo‘lmadi, qahru g‘azabga to‘lmadi ham. Uni shifoxonaga yetkazib, ikkinchi bora jarrohlik amalini o‘tkazishganida, yigit bu haqda hech kimga nolimay, devorga qarab jimgina yotaverdi.
Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, bemorning ahvolini bilish uchun otboqar yotgan xonaga boshqa – yangi kelgan shifokor kirdi. Avvalgi hamkasbining o‘rniga ishga qo‘yilgan bu doktor otboqarning qo‘lini ko‘rgach, bemorining bunchalar g‘amgin kayfiyati sababi bilan qiziqdi. Yigit istamaygina boshidan o‘tgan voqeani gapirib berdi.
– Yovvoyi hayvon jarohat yetkazgani uchun shunchalik parokanda bo‘lish yaramaydi, axir uning tabiati o‘zi shunaqa. Bunaqa vaziyatda…
–  Bilaman, bu mahluqni kechir, demoqchimisiz?!.. – baqirib yubordi o‘rnidan sakrab turgan yigit. – Yana uni kechirishim va unutishim kerakmi? Hech qachon! Uni hech qachon kechirmayman! O‘tgan safar bir shifokor menga uni kechirishim va unutishim kerakligini aytgandi. Men kechirdim! Unutdim ham! Mana, ko‘ring ahvolimni!
– Ko‘rib turibman, – xotirjam dedi shifokor. – O‘shanda yetkazgan ozori uchun yo‘lbarsni kechirishga va barini unutishga o‘zingizda kuch topdingiz. Ammo men sizga kechiring va unuting, demoqchi emasman, kechiring va doim yodda tuting, demoqchiman…
Otboqar yigitning qo‘li ancha yaxshi bo‘lib qolgach, u yana hayvonot bog‘iga bordi. Yo‘lbarsning qafasi yoniga kelgach, bu kuchli va chiroyli jonivorga ancha vaqt jimgina qarab turdi-da, keyin dedi:
– Yetkazgan jarohatlaring uchun men seni kechirdim, yo‘lbars. Bu ishingdan avval rosa g‘azablangandim, ammo hozir vahshiylik sening tabiating ekanligini tushunaman. Qanday bo‘lmasin, yana seni ko‘rgani kelaman. Xayr, yo‘lbars, ammo kechir, bu safar senga qo‘limni uzatmayman!..
Ruschadan Muhabbat Sharifova tarjimasi.

kechiring va…, Ozor yetsa