SUBSTANSIYA

SUBSTANSIYA

SUBSTANSIYA (lot. substantia — mohiyat) — narsa va hodisalarning mohiyatini, asosini ifodalovchi tushuncha. Odatda, materiya, modda soʻzining sinonimi sifatida qoʻllaniladi. Substansiya falsafada xilmaxil olamning, obyektiv reallikning, tabiat, jamiyat, inson va uning tafakkuri tarixini, inson bilimlarining natijalarini ham oʻziga qamrab oluvchi konkretlikning nazariy inʼikosi, bilish nazariyasining asosiy tushunchasi sifatida talqin etiladi. Bunday universal mohiyat muayyan narsa, hodisalar va ularning oʻzaro aloqadorliklari orqali namoyon boʻladi. Yunon faylasuflari Substansiya deb narsalarning doimiy, tub va oʻzgarmas xususiyatini, asl mohiyatini anglashgan, un-ta aksidensiya tushunchasini qaramaqarshi qoʻyishgan. Keyinchalik sxolastlar butun mavjudotning asl mohiyatini tashkil etuvchi Substansiya — xudodir degan gʻoyani ilgari surdilar (q. Sxolastika). Olamning moddiy sababi va ilohiy Substansiya haqidagi dualistik talqinni R. Dekart olgʻa surdi, u Spinoza falsafasida yanada rivojlantirildi. I. Kant Sni tafakkurning aprior shakli, yaʼni tajribadan olingan bilimlarni sintezlovchi shakli deb izohladi. Uning fikricha, Substansiyaning doimiyligi barcha vaqt mobaynida oʻtkinchi boʻlgan narsalarga nisbatangina namoyon boʻladi. Gegel Sni narsalardagi oʻzgaruvchan, oʻtkinchi tomonlarning yaxlitligi sifatida taʼriflab, uni «har qanday haqiqiy rivojlanishning asosidir», deydi.

Ensiklopediya.uz
SUBSTANSIYA