SUV POLOSI

SUV POLOSI

SUV POLOSI, vaterpolo — suvda, yaʼni toʻgʻri burchakli hovuz (30×20 m, chuqurligi kamida 1,8 m)da toʻp bilan jamoa boʻlib oʻynaladigan sport oʻyini; xar jamoada 7 tadan oʻyinchi qatnashadi. Hovuzga 3×0,9 m lik 2 ta darvoza oʻrnatiladi. Oʻyinning maqsadi — raqib darvozasiga iloji boricha koʻp toʻp tushirish. Suv polosi toʻpining aylanasi 68—71 sm, ogʻirligi 400—450 gr. 1967-y. dan boshlab plastmassa toʻp bilan oʻynaladi. Qoidaga koʻra, musobaqa sof oʻyin vaqti 5 min. dan boʻlgan 4 bosqichda 2 minutlik tanaffus bilan oʻtkaziladi. Har qanday usulda suzish, toʻpni 1 qoʻlda olib yurish va otish mumkin (faqat darvozabongina 2 qoʻlida oʻynaydi), qoʻlida toʻp boʻlmagan raqibga hujum qilish man etiladi. Qoidani buzganlik toʻpni oʻyinga kiritish huquqini raqibga berish, oʻyindan chiqarib yuborish (45 sek. yoki darvoza ishgʻol qilingunga qadar) bilan jazolanadi. Oʻyinning dastlabki qoidalarini shotlandiyalik V. Uilson ishlab chiqqan (1876). 19-a. oxiri — 20-a. boshlaridan Suv polosi Yevropa mamlakatlarida ommalasha boshladi.

Ensiklopediya.uz
SUV POLOSI