SEYSMOGEN ZONALAR
SEYSMOGEN ZONALAR — kuchli zilzilalar boʻlib turadigan xududlar. Yer poʻstidagi kuchlanishlar taʼsirida oʻzgarayotgan faol geologik struktura uzilishlaridan tashkil topadi. Bu zonalarda tektonik harakatlarning muayyan davrida yuqori magnitudali yer qimirlashlar sodir boʻladi. Seysmogen zonalar avval hosil boʻlgan zilzila oʻchoqlari, epitsentrlari, pleystoseym maydonlari va ular b-n bogʻliq boʻlgan seysmouzilmalar, seysmodeformatsiya qoldiqlari, kelajakda kuchli tebranish manbai shakllanish ehtimoli bor hududlarni oʻz ichiga oladi. Seysmogen zonalar yer osti chuqur qatlamlarida boʻlayotgan geodinamik jarayonlarni va bu qatlamlarni tashkil etgan jinslarnig tuzilishini, ularga taʼsir etadigan tektonik xususiyatlarni, shuningdek, qaysi joylarda zilzila xavfi yuqori boʻlishi mumkinligini, kuchli va kuchsiz yer qimirlashlar kelib chiqish qonuniyatlarini oʻrganish natijasida aniqlanadi. Katta kuchga ega boʻlgan zilzila oʻchogʻi muayyan geologik muhit b-n bogʻlangan seysmogen uzilishlarda shakllanadi va tektonik harakatlarning faollashuvi paytida tebranish manbalariga aylanadi. Kuchsiz zilzilalar hamma yerda togʻ jinslarining darz ketishidan paydo boʻladi. Kuchli zilzila har gal yangi joyda, yaʼni Seysmogen zonalar dagi maʼlum boʻlgan yer qimirlash oʻchoklarining davomida yoki ular orasidagi seysmogen uzilmalarda sodir boʻladi. Zilzila kuchi uzilmalarning kattakichikligiga, ularda boʻladigan tektonik harakatlar amplitudasi, tezligiga bogʻliq. Seysmogen zonalarda geodinamik jarayonning tez rivojlanishi natijasida yer qimirlash manbaidagi yigʻilgan tektonik kuchlanishlar seysmik toʻlqinlar energiyasiga aylanadi. Shu sababli, Seysmogen zonalarni kuchli zilzilalar generatori deyish mumkin. Oʻzbekiston hududida kuchli zilzila oʻchoklarining shakllanishi ehtimoli boʻlgan Seysmogen zonalar konsepsiyasi ilk bor yaratildi.
Ensiklopediya.uz
SEYSMOGEN ZONALAR