MONASTIRLAR
MONASTIRLAR (yun. monasterion — monaxlar maskani) — cherkovning muayyan yoʻl-yoʻriqlari asosida birgalikda yashovchi monax (rohib)lar jamoasi; monaxlar jamoasi foydalanadigan ibodatxona, turar joy va xoʻjalik binolari majmui. Birinchi buddistlar Monastirlari mil. av. 1ming yillik oʻrtalarida Hindistonda paydo boʻlgan. Budda M. i keyinchalik Birma va Tailand (2—3-a. lar)da, Vyetnam va Xitoy (4-a.)da, Koreya va Yaponiya (6—8-a. lar)da hamda Indoneziya (7-a.)da vujudga keldi. Xristian Monastirlari esa dastlab 3—4-a. larda Misrda, soʻngra Rim imperiyasi (4—5-a. lar)da, keyinchalik Yevropada yuzaga kelgan. Monastirlar yirik yer egalariga aylanib, diniy mafkura markazi boʻlib qolgan. Monastirlar vujudga kelgan dastlabki paytlarda iqtisodiyot va madaniyat taraqqiyotida muayyan rol oʻynagan. Oʻzbekistonda Rus pravoslav cherkovi Toshkent va Oʻrta Osiyo yeparxiyasiga qarashli 3 ta monastir bor: Svyato Nikolsk Troisk ayollar monastiri (Toshkent sh., Mirobod tumani), Svyato Pokrovsk ayollar monastiri (Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumani), Svyato Georgiyevsk erkaklar monastiri (Chirchiq sh.). Kamoljon Komilov.
Ensiklopediya.uz
MONASTIRLAR