MOTOTSIKL SPORTI
MOTOTSIKL SPORTI — sportning texnik turi, mototsikl bilan oʻtkaziladigan musobakalar. Motodrom, shosse, trek, otchoparlarda tezlikka erishish (poyga), pastbaland joylarda hayday bilish (kross), yonilgʻini tejash, sunʼiy gʻov qoʻyilgan joylar va shahar harakati sharoitida rul boshqarish, turli oʻyinlar namoyish qilish, tepalikka koʻtarilish, chuqurlikka shoʻngʻish kabilardan iborat. Dastlab 1895-y. Parij—Bordo—Parij yoʻnalishi boʻyicha avtomobil poygasi bilan birgalikda tosh yoʻlda birinchi bor mototsikl poygasi ham oʻtkazilgan. Xalqaro federatsiya — FIM (1904-y. asos solingan, Oʻzbekiston sportning texnik turlari respublika markazi unga 1994-y. qabul qilingan) 60 dan ortiq mamlakatni birlashtiradi. 1924-y. dan jahon, 1936-y. dan Yevropa chempionatlari oʻtkazib kelinadi.
Ensiklopediya.uz
MOTOTSIKL SPORTI