OYMURZAYEV

OYMURZAYEV

OYMURZAYEV Joʻlmurza (1910, Chimboy tumani —1996, Nukus) — shoir va dramaturg, Oʻzbekiston (1981) va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi (1974). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1957). Mehnat faoliyatini maktabda oʻqituvchilikdan boshlagan, soʻng gaz. Va jur. tahririyatlarida ishlagan, bir necha yil davomida Qoraqalpogʻiston yozuvchilari uyushmasini boshqargan (1944—51; 1958—62). «Oʻzbekxronikalfilm» studiyasining Qoraqalpogʻiston filialida rahbar, katta muharrir (1968—84). Ijodiy faoliyati 1927-y. dan boshlangan. «Kurash» (1935), «Biz kurashda gʻolib chiqdik» (1938) dostonlari yangi qoraqalpoq sheʼriyatining shakllanishi va rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. Oymurzayev «Qahramonona kurash» (1942), «Mening pahlavonlarim» (1943), «Taskin» (1946), «Shoir soʻzi» (1949), «Yosh avlodga» (1951), «Shonli doʻstlar» (1954), «Nurli yoʻldan» (1955), «Amudaryo boʻyida» (1958), «Odamlar, men sizlarni sevaman» (1978) va b. sheʼriy va nasriy kitoblar muallifi.

Ensiklopediya.uz
OYMURZAYEV