ORTOGENEZ
ORTOGENEZ (yun. orthos — toʻgʻri va… genez) — tirik tabiatning rivojla-nishi ichki omillar bilan bogʻliqligi toʻgʻrisidagi evolyutsion taʼlimot konsepsiyasi. Ortogenez toʻgʻrisidagi tasavvurlar asosida nemis zoologi T. Eymerning qarashlari yotadi (1888—97 y. dagi ishlari). Ortogenez taʼlimotiga kura, evolyutsiya tabiiy tanlanish natijasida boʻlmasdan, balki irsiy oʻzgaruvchanlikning muayyan yoʻnalishda borishi bilan belgilanadi. Tirik sistemalarda yuz beradigan barcha oʻzgarishlar tashqi muhitning bevosita taʼsiri natijasi boʻlib, tabiat tomonidan belgilab berilgan qatʼiy yoʻnalishlar asosida roʻy beradi, soʻngra irsiyatga oʻtkaziladi. 20-a. ga kelib Ortogenez tarafdorlari evolyutsiya yoʻnalishini moddiy asosga ega boʻlmagan yoki bunday asosga ega boʻlgan, lekin azaldan genetik kodga solingan ichki omillar bilan bogʻlashga urinish-mokda. Ortoseleksiya muhit taʼsirining yoʻnaltirilganligi tufayli tabiiy tanlanishni uzoq vaqt davomida muayyan bir yoʻnalishda borishi bilan Ortogenezdan farq qiladi. Ortogenez konsepsiyasi evolyutsion jarayonni avtogenetik sabablarga bogʻlab tushuntirishga urinish b-n Ch. Darvin taʼlimotiga qarshi turadi (q. Avtogenez).
Ensiklopediya.uz
ORTOGENEZ