MINERAL SUVLAR

MINERAL SUVLAR

MINERAL SUVLAR — tarkibida baʼzi bir kimyoviy elementlar va birikmalar, shuningdek, gazlar boʻlgan suvlar. Tarkibidagi erigan minerallarning umumiy miqdori 1 g/l gacha boʻlgan suvlar chuchuk hisoblanadi. Baʼzi dengiz va koʻl suvlari ham Mineral suvlarga kiradi. Mineral suvlarning maʼlum shifobaxsh xususiyatiga va iqtisodiy jihatdan uzoq muddat foydalanish uchun yetarli miqdorga ega boʻlganlari mineral suv manbalari deb ataladi. Suv tarkibida yod, brom, litiy, bariy, temir va b., gazlardankarbonat angidrid, radon, sulfat gazlari boʻlishi ularda shifobaxsh xususiyat vujudga keltiradi. Sul-fatgidrokarbonatli Narzan suvi (Kislovodskda), karbonat angidridli Jeleznovodsk, Pyatigorsk, Yessentuki, oltingugurtli Chimyon, Uchqizil (Oʻzbekiston), Obishifo (Tojikiston), Matsesta (Gruziya), azotli Qiziltepa (Oʻzbekiston), Issiqota (Qozogʻiston), radioaktivli Xoʻjaobigarm (Tojikiston), Jetiogʻuz (Qozogʻiston) va b. oʻnlab joylarda mineral suv manbalari bor. M. s. qosil boʻlishi va Yer poʻstida joylanishiga qarab sovuq va iliq (20° atrofida), termal (issiq, 37° dan yuqori), gipotermal (42° dan yuqori) hamda qaynoq (100° va undan yuqori) boʻladi. Minerallanish miqdoriga qarab: kuchsiz (1—2g/l), kam (2—5 g/l), oʻrta (5-15 g/l), yuqori (15-30 g/l), shoʻr (15—30 g/l), va oʻrtacha shoʻr (35 — 150 g/l) kabi turlarga boʻlinadi. Tarkibida 2—20 g/l mineral tuzlar boʻlgan Mineral suvlar isteʼmol uchun ishlatiladi. Mineral suvlarning shifobaxsh xususiyati tarkibidagi foydali elementlar, gazlar, organik moddalarning sifati va miqdoriga qarab belgilanadi. Mineral suvlarning paydo boʻlishi, joylanish qonuniyatlari va foydalanish masalalarini gidrogeologiya va kurortologiya oʻrganadi. Mineral suvlarning organik va kimyoviy xossalarini oʻrganish va foydalanishga topshirish b-n ilmiy tadqiqot muassasalari, lab. va st-yalar shugʻullanadi. Hoz. sanatoriy va shifoxonalarda sunʼiy yoʻl bilan oltingugurtli va radonli Mineral suvlar tayyorlanadi.

Ensiklopediya.uz
MINERAL SUVLAR