LANGAROTA MASJIDI

LANGAROTA MASJIDI

LANGAROTA MASJIDIQashqadaryo viloyati Katta Langar qishlogʻidagi meʼmoriy yodgorlik (16-a. ning birinchi yarmi). Masjid Oʻrta Osiyo togʻli hududiga xos, ikki xonaqohli, oldi peshayvonli. Ayvon sahniga ikki qator qilib baland oʻymakor ustunlar oʻrnatilgan. Shipiga anʼanaviy tartibda toqi terilib, toʻsin va vassalari chiroyli (gullar solinib) boʻyalgan, ular kichik xonaqohda 4 ustunga, katta xo-naqoxda 5 ustunga tayangan. Kichik xonaqoh ancha qad. Uning koʻhna devori sinchli boʻlib, keyinroq unga tutashtirib katta xonaqoh va umumiy peshayvon solingan. Mexrob ichidagi bezakli yozuvlarda 1519—20, 1562—63, 1748 va 1807—08 yillar (qurilgan va taʼmir qilingan sanalar) saqlangan. Katta xonaqohning zebziynatidagi taʼsirchanligi koshinkori bezaklaridagi gullaridadir. Mehrob va devoridagi naqsh bezaklari yaxshi saqlangan. Izora jiyaklarida qora zaminga sariq va havorang koshin parchalari yopishtirilgan, koʻk, havorang va oq hoshiyalar berilgan. Izoralar sathi 3 xil tuzilishda yulduzchali girihlar va kora rangli «sakkizliklar» bilan qoplangan, oʻrtasiga tillarang boʻyokdar ishlangan. Quyi qismi asosiy satxdan kulrang marmarli silliq hoshiyalar bilan ajratilgan, zarhal bilan qoplangan.

Ensiklopediya.uz
LANGAROTA MASJIDI