LESYA UKRAINKA

LESYA UKRAINKA

LESYA UKRAINKA [taxallusi; asl ism-sharifi Kosach (Kosach-Kvitka) Larisa Petrovna; 1871.13(25).2, NovgorodVolinskiy, hoz. Jitomir viloyati — 1913.19.7(1.8), Surami (Gruziya); Kiyevda dafn etilgan] — ukrain yozuvchisi. Onasi Olyona Pchilka ham yozuvchi boʻlgan. Lesya Ukrainka sheʼriyatda va dramaturgiyada Shevchenko anʼanalarini davom ettirgan. Ilk sheʼrlar toʻplami «Qoʻshiqlar qanotida» 1893-y. da nashr etilgan. Mazkur toʻplamdan joy olgan sheʼrlarda ukrain xalq ogʻzaki sheʼriyatiga xos ohanglar koʻzga tashlanadi. «Oʻylar va orzular» (1899), «Akssadolar» (1902) toʻplamlarida shoiraning chor hokimiyatiga nisbatan nafratli munosabati ifodalangan. Lesya Ukrainkaning «Oy afsonasi» (1892), «Robert Bryus, Shotland qiroli» (1893), «Asir» (1903), «Oppoqqina Izolda» (1912) kabi dostonlari ham bor. Yozuvchining «Moviy gul» (1896) nomli birinchi dramasi oʻsha yillardagi ukrain dramaturgiyasiga xos maishiy hayot va etnografik urf-odatlar tasviriga qarshi isyon sifatida maydonga kelgan. «Kuz ertagi» va «Magʻoralarda» (1906) dramalarida 1905-y. inqilobi bilan uygʻun gʻoyalarni olgʻa surgan. «Kassandra» (1908), «Tosh xoʻjayin» (1912) dramalarida mifologik obraz va syujetlarga murojaat etgan holda oʻz davri voqealariga munosabat bildirishga uringan. «Oʻrmon qoʻshigʻi» (1912) dramasi Lesya Ukrainka ijodining choʻqqisidir. Bu asar xalq folklori asosida yozilganligi va faol gumanistik mohiyati bilan ajralib turadi. Unda ukrain adabiyotida birinchi marta inson va tabiat mavzui qalamga olindi. Ushbu drama asosida opera, balet va kino asarlari yaratilgan. Lesya Ukrainka «Dengiz uzra» (1898), «Doʻstlik» (1905), «Xato» (1906) singari nasriy asarlarning ham muallifi. 1971-y. da Lesya Ukrainkaning 100-yilligi keng nishonlandi.

Ensiklopediya.uz
LESYA UKRAINKA