LAVLAGI
LAVLAGI (Beta) — shoʻradoshlar oilasiga mansub bir, ikki yillik oʻtsimon oʻsimliklar turkumi; sabzavot, xashaki, shakarli ekin. 16 turi bor. Oʻrta Yer dengizi atroflarida, Osiyo, Zakavkazye, Hindiston, Fransiya, shuningdek, Buyuk Britaniya, Skandinaviya mamlakatlarida tarqalgan. Dehqonchilikda osh Lavlagi, xashaki Lavlagi, va qand L. ga boʻlinadigan oddiy Lavlagi (V. vulgaris) turi va qand Lavlagining tur xili boʻlgan bargli Lavlagi (yoki mangold Lavlagi — Betacica — ovqatga bargi yoki barg bandi ishlatiladi) ekiladi. Yovvoyi Lavlagi qadim zamonlardan ovqatga ishlatib kelingan. Mil. av. 2—1-ming yillikda bargli Lavlagi madaniylashtirilgan. Mil. boshlarida madaniy ildizmevali shakllari ekila boshladi. 18-a. da xashaki Lavlagining duragaylaridan qand Lavlagi yaratilgan. 19-a. oxiri va 20-a. da bu ekin barcha qitalarga tarqaldi.
Ensiklopediya.uz
Lavlagi