LICHINKA
LICHINKA (rus.) — koʻpchilik umurtqasiz va ayrim umurtqali hayvonlar (baliqlar, suvda va kuruqlikda yashovchilar)ning individual rivojlanishidagi postembrional (tuxumdan chiqqandan keyingi) davri. Lichinka tuxumdagi zaxira oziq modda morfogenezning tugal-lanishi uchun yetarli boʻlmagan hayvonlarga xos. Lichinka mustaqil hayot kechiradi, faol oziklanadi, bir necha marta tullab, yaʼni qattiq poʻstini tashlab (boʻgʻimoyoqlilar va ayrim b. umurtqasizlar) oʻsadi va rivojlanadi. Odatda, Lichinka voyaga yetgan davrda boʻlmaydigan bir qancha provizor organlarga ega boʻladi yoki aksincha unda voyaga yetgan hayvonlar uchun xos bir qancha organlar boʻlmaydi. Lichinka davrining boʻlishi hayvonlar rivojlanishining turli davrlarida yashash tarzi yoki yashash muhitining oʻzgarib turishi bilan ham bogʻliq. Oʻtroq yashaydigan yoki kam harakatlanadigan hayvonlarda Lichinka turning tarqalishini taʼminlaydi (mas, gʻovaktanlilarning parenximulasi va amfiblastulasi, boʻshliqichlilarning planulasi, koʻp tukli halqalilar troxoforasi).
Ensiklopediya.uz
LICHINKA