Dorivor damlamalar – ham ichimlik o‘rnida, ham shifo to’liq malumot oling
Mundarija
скрыть
Shifobaxsh o‘simliklar dunyo bo‘ylab juda keng tarqalgan. Aytish mumkinki, deyarli har bir o‘simlikning o‘ziga xos dorivorlik xususiyati bor. Faqat bu xususiyatdan to‘g‘ri foydalana bilish lozim. Mutaxassislar uy sharoitida damlab ichish mumkin bo‘lgan bir nechta choylarni tavsiya qilishadiki, ulardan me’yorida foydalanish oila a’zolarining salomatligini mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. Masalan, murchni hammamiz yaxshi bilamiz, bu xushbo‘y ziravorni xush ko‘ruvchilar ko‘p. Murchni faqat taom tayyorlashda qo‘shimcha ta’m beruvchi sifatida emas, balki oddiy ko‘k choy bilan qo‘shib, shifobaxsh ichimlik o‘rnida ham iste’mol qilsa bo‘ladi. Bunday choy gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyasi)larda paydo bo‘lgan quruq yo‘talni tuzatishda shifo bo‘ladi. Shuningdek, u bemorni terlatish xususiyatiga ham ega. Murch hatto ilon, qoraqurt yoki chayon zahrini qirqadi. Xalq tabobatida mazkur zararkunandalar chaqqan kishiga murchli choy qayta-qayta ichirilgan va bu usul uning ahvolini yaxshilagan. Bundan tashqari, bu kabi choy me’da va jigar faoliyatiga ham ijobiy ta’sir o‘tkazadi.
Qalampirmunchoqni odatda faqat bir bezak yoki xushbo‘y ifor beruvchi modda o‘rnida qo‘llashga o‘rganganmiz. Xalq tabobatida me’dani zaiflashib, ovqat hazmi yomonlashgan bemorlarga qalampirmunchoq solib damlangan choy ichish tavsiya qilinadi.
Sedana ham bizning diyorimizda hamisha topish mumkin bo‘lgan mahsulot. U tumovda foyda beradi. Asal va issiq suv bilan ichilsa, buyrak va qovuqdagi toshni tushiradi. Mutaxassislar fikricha, 20-25 dona sedana va bir choy qoshiq qora yoki ko‘k choy hamda asal qo‘shib damlangan choy organizmga nihoyatda foydali.
Rayhon solib damlangan choy gripp va O‘RVIda safroni haydashda naf qilishi, tomirlardagi tiqilmalarni yo‘qotishi qadimdan ma’lum bo‘lgan. Kiyiko‘tli choy qon bosimini tushiradigan vosita ekanini hamma biladi. Bu dorivor giyoh o‘rnini zira ham bemalol bosishi mumkin. Zirali choy qon bosimi ko‘tarilgan bemorga berilsa, bosim me’yorini mo‘tadil holga keltiradi. Faqat bunday choyni 5-6 daqiqa dam yedirib, issig‘ida tez-tez ichish kerak.
Bu mahsulotlarning xususiyatlarini bilish, shu bilan birga, ularni qo‘llashdan oldin albatta shifokor bilan maslahatlashib, har kim o‘z salomatligi haqida ma’lumotga ega bo‘lishi foydadan xoli emas.
Dildora NURIDDINOVA
soglom.uz/tavsiya/dorivor-damlamalar-ham-ichimlik-ornida-ham-shifo-2/
Foydali Maslahatlar
Dorivor damlamalar – ham ichimlik o‘rnida, ham shifo