KOʻRLAR MAKTABI

KOʻRLAR MAKTABI

KOʻRLAR MAKTABI — koʻr va zaif koʻruvchi bolalar uchun internat maktabi tipidagi maxsus taʼlim-tarbiya muassasasi. Koʻrlar maktabi koʻrlar va zaif koʻruvchilar internat maktabiga boʻlinadi. Oʻzbekistonda birinchi marta 1920-y. nogiron (kar, koʻr, aqli zaif) bolalar uchun internat maktabi sifatida tashkil etilgan. Toshkentda zaif koʻruvchilar uchun 20 oʻquvchidan iborat maktab 1922-y., alohida moslashtirilgan internat maktabi 1935-y. ochilgan. Koʻrlar internat maktabiga mutlaqo koʻrmaydigan, zaif koʻruvchilar internat maktabiga 0,05% gacha koʻrish qobiliyatiga ega boʻlgan bolalar qabul qilinadi. Koʻr va zaif koʻruvchilar respublika, viloyat va shahar xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan tashkil etilgan tibbiy psixologik-pedagogik komissiyalar tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladi va oʻqishga yoʻllanma beriladi. Koʻr va zaif koʻruvchi bolalar uchun maxsus taʼlim-tarbiya Oʻzbekiston Respublikasining «Taʼlim toʻgʻrisida»gi qonuni (1997) asosida amalga oshiri-ladi. Koʻrlar maktabi OʻzR Xalq taʼlimi vazirligi tizimiga kiradi.

Ensiklopediya.uz
KOʻRLAR MAKTABI