KINOGA OLISH APPARATI

KINOGA OLISH APPARATI

KINOGA OLISH APPARATI — hujjatli va badiiy kinofilmlar va videofilmlarni hamda turli obyektlarni izchil ravishda ketma-ket tasvirlar (kadrlar) tarzida kinolentaga tushirish qurilmasi. Enining kengligi va formatining oʻlchami har xil boʻlgan kinolentalarga suratga olish uchun moʻljallab ishlab chiqariladi. Mac, keng formatli filmlar 70 mm li; oddiy va keng ekranli filmlar 35 mm li; televizion, ilmiy, oʻquv va havaskorlik filmlari 16 mm, 8 mm va 2×8 mm li kinolentalarga moʻljallangan apparatlarda suratga olinadi. Vazifasi va tuzilish xususiyatlariga koʻra, dastaki va muqim (statsionar) Kinoga olish apparati farklanadi. Dastaki apparatlar ixchamroq boʻlib, qoʻlda olib yurib, istalgan joyda kinoga olish mumkin. Muqim apparatlar muayyan joyda uchoyoqli shtativga oʻrnatib ishlatiladi. Kinoga olish apparati sinxron, prezitsion, ixtisoslashtirilgan, havaskorlik va maxsus turlarga ham boʻlinadi. Sinxron Kinoga olish apparati bilan tasvirni kinoga olish paytida (sinxron tarzda) tovushni ham alohida magnit lentaga yozib olish mumkin. Pretsizion Kinoga olish apparati murakkab kinoga olish uchun moʻljallanadi. Ix-tisoslashtirilgan Kinoga olish apparati bilan panoram, doiraviy, stereoskop filmlar suratga olinadi. Havaskorlik Kinoga olish apparati eni 16 mm, 8 mm va 2×8 mm li kinolentalarga ilmiy, oʻquv va havaskorlik filmlarini kinoga olish uchun ishlatiladi. Maxsus Kinoga olish apparati tez va qisqa muddatda utadigan jarayonlarni qayd qilish (juda tezkorlik bilan kinoga olish) hamda aviatsiya va kosmik parvozlarda foydalanish uchun muljallanadi.

Ensiklopediya.uz
KINOGA OLISH APPARATI