KONTAKT-METAMORFIK KONLAR

KONTAKT-METAMORFIK KONLAR

KONTAKT-METAMORFIK KONLAR — intruziv jinslarning turli tarkibdagi jinslar bilan yuqori t-ra taʼsirida kontakt zonasida yuzaga kelgan foydali qazilma yotqiziqlari. Bunda jins ichiga yorib kirgan magmadan atrofni oʻrab turgan jinslarga yangi moddalar oʻtmaydi. Jarayonning jadalligi va mineral hosil boʻlish xususiyatlari, jumladan, rudaning vujudga kelishi jinslarning dastlabki tarkibiga, kontakt joyidan uzoq yoki yaqinligiga, jarayonning chuqurligi, oʻlchamlari, shakllari va intruziv jinslar kontakti xarakteriga, uchuvchan moddalar va eritmalarning qatnashuviga bogʻliq boʻladi. Bunday sharoitlarda hosil boʻlgan minerallar qatoriga diopsid, aktinolit, grossulyar, shpinel, vollastonit, piroksen va b., nodirlariga — montichellit, sperrit, mervinit va b. kiradi. Oʻzbekistonda Qoʻytoshdagi vollastonit (CaSiO3) konidan olinadigan vollastonit konsentrati sanoatda va umuman xalq xoʻjaligining turli sohalarida keng miqyosda qoʻllaniladi.

Ensiklopediya.uz
KONTAKT-METAMORFIK KONLAR