KESKICH

KESKICH

KESKICH (mashinasozlikda) — metall va metallmas zagotovkalarga ishlov beruvchi kesuvchi asbob. Kesuvchi qismi maʼlum geometrik shaklga ega boʻlgan kallak va stanokka mahkamlanadigan tanadan iborat. Kallagining shakliga koʻra, Keskich toʻgʻri, qayirma (egilgan) kallakli; tutqichining shakliga koʻra, toʻgʻri toʻrtburchakli, kvadrat, doiraviy; kallakni tanaga tutashtirilishi boʻyicha yaxlit, payvand kallakli, kavsharlangan plastinkali va b. turlarga boʻlinadi. Keskichlar ishlov berish turiga qarab oʻtuvchi, qirqib oluvchi, yoʻnib kengaytiruvchi, kesib tushiruvchi, rezba ochuvchi, ariqcha yoʻnuvchi va b. ga boʻlinadi. Keskichning yana xomaki ishlash (shilish), toza ishlash, yupqa yoʻnish, silliqlovchi turlari; chapaqay (zagotovka oʻngdan chapga tomon yoʻnaladi), oʻnaqay (chapdan oʻngga tomon) turlari bor. K. ning kallagi asbobsozlik, tezkesar poʻlatlar, volfram va titan karbitlari asosidagi qattiq qotishmalar, sintetik olmoslar, mineral-keramik materiallardan; tanasi esa konstruksion poʻlatlardan tayyorlanadi. Keskich tokarlik stanoklari, boshqa stanoklar yoki maxsus stanoklarga oʻrnatib ishlatiladi.

Ensiklopediya.uz
KESKICH