KARTOSHKAGUL
KARTOSHKAGUL, georgina(Dahlia) — murakkabguldoshlarga mansub manzarali koʻp yillik oʻtsimon oʻsimlik. Barglari patsimon kertikli. Poyasi kovak, moʻrt, boʻyi 35—200 sm. Ildizi kartoshkali. Toʻpguli turli rangdagi juda koʻp tilsimon va naychasimon gullardan iborat. Meksika va Gvatemaladan tarqalgan. 15tacha yovvoyi turi maʼlum. Yevropada 18-a. oxirlarida oʻstirila boshlagan. 8000 dan ortiq navi bor. Ekiladigan xilma-xil Kartoshkagul (D. variabilis) gulining barcha mavjud tur-xillari shartli ravishda 3 guruhga (guli qat-qatmas, yarim qatqat va qat-qat) boʻlinadi. Toʻpgulining tashqi bir qatori tilsimon gullardan, qolgan qismii esa naychasimon gullardan iborat va pionsimon boʻlganlari yarim qat-qat Kartoshkagulga, toʻpguli sharsimon va xrizantemasimon boʻlganlari qat-qat gulli Kartoshkagulga kiradi. Toʻpgullari 3—35 sm kattalikda. Kartoshkagul qalamchalaridan, kartoshkasi boʻlakchalaridan va ahyonda urugʻidan koʻpaytiriladi. Erta bahorda ekiladi. Kartoshkagul iyul—sent. da gullaydi. Kuzgi qorasovuqlardan keyin kartoshkasi (tuganagi) qazib olinadi, quritiladi va quruq qorongʻi xonalarda 4—5° haroratda saqlanadi.
Ensiklopediya.uz
KARTOSHKAGUL