KAYXUSRAV
KAYXUSRAV, Kavi Xaosrava — 1) Eron mifologiyasida kayoniylar sulolasidan boʻlgan 3-shoh. «Shohnoma»ga koʻra, onasi Zahhok qavmidan boʻlgan turonlik Farangis. Otasi Siyovush. Afrosiyob Turon bahodiri Pironga Farangisga koʻz-quloq boʻlib turishini va tugiladigan chaqaloqni oʻldirishni buyuradi. Piron tushida Siyovushni koʻradi. Siyovush oʻgʻlining taxtga oʻtirishini bashorat qiladi. Piron Kayxusrav deb ism qoʻyilgan chaqaloqni choʻponlarga topshiradi. Bola paxlavon boʻlib yetishadi, uning Shabrangi Behzod nomli qora oti boʻlgan. Eronliklar Kayxusravni topish uchun koʻp ovora boʻlishadi, nihoyat 7 yillik izlanishdan soʻng bahodir Gev Kayxusravni onasi bilan birgalikda bobosi Kaykovus huzuriga olib keladi. Kayxusrav 60 y. podshoxlik qiladi. Rustam bilan birgalikda u otasining oʻchini olish uchun Afrosiyobga qarshi yurish qiladi. Jangda Afrosiyobning oʻgʻli Shidni oʻldiradi, soʻng Afrosiyob ham halok boʻladi. Kayxusrav davrida mamlakatda tinchlik-osoyishtalik oʻrnatiladi. K. Afrosiyobning boshqa bir oʻgʻli — Jaxnni tutqunlikdan xalos etib, unga Turonni topshiradi. Ammo Kayxusravning koʻngli oʻzidan xotirjam emas edi. Uning tomirlarida faqat yaxshilikka eʼtiqod qilganning qonigina emas, yovuzlikka eʼtiqod qoʻyganning ham qoni oqishini bilardi. U oʻzidagi yovuzlik ibtidosi undagi ezgulikni yengib qoʻyishidan xavotirda edi. Kayxusrav taxtni qarindoshi Luhrospga topshirib, oʻzi toqqa yoʻl oladi va tongda gʻoyib boʻladi. Bahodirlar bedarak ketgan Kayxusravni izlashga otlanishadi, kuchli qor boʻroni ularni koʻmib yuboradi va koʻpchilik bahodirlar Kayxusrav kabi abadiy gʻoyib boʻlishadi.
Ensiklopediya.uz
KAYXUSRAV