KVARS SOATI
KVARS SOATI — vaqtni katta aniqlik bilan oʻlchash va astronomik kuzatishlar uchun moʻljallangan soat. K. s. ning yurayotganligini kvars generatorining tebranishi bilan aniqlanadi. Ishlashi kvars kristalli plastinka halqa yoki brusok (rezonator)ning pyezoelektr xususiyatiga asoslangan. Rezonator bukilsa yoki qisilsa, ustki qatlamida elektr razryadlari hosil boʻladi, va, aksincha, unga oʻzgaruvchan tok keltirilsa tebranib turadi. Pyezoelektr tebranish chastotasidan vaqt aniqlanadi. Tebranish chastotasi yuzlab KGs dan oʻnlab MGs gacha boradi. Kvars soatining sutkalik xatosi 0,001 sek. dan oshmaydi. Kvars soatida ikki pogʻonali termostat ishlatiladi. U t-rani 0,001° aniqlikda ushlab turadi. Vaqtni bilish xizmatida kamida 2 ta Kvars soatidan foydalaniladi. Bunda ularning tebranish chastotalari bir-biriga hamda astronomik kuzatish natijalariga solishtiriladi. Kvars soati yordamida Yerning oʻz oʻqi atrofida notekis aylanishi aniqlandi. Oʻzbekiston FA Astronomiya in-tida 4 K. s. yordamida astronomik kuzatishlar olib boriladi.
Ensiklopediya.uz
KVARS SOATI