KASABA UYUSHMALARI

KASABA UYUSHMALARI

KASABA UYUSHMALARI — mehnatkashlarni jinsi, diniy eʼtiqodi, irqiy va milliy mansubliklaridan qatʼi nazar i. ch. va noishlab chiqarish sohalarida ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va oʻz aʼzolari manfaatlarini himoya qilish maqsadida birlashtiruvchi ommaviy jamoat tashkilotlari. 18-a. oxirida Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari va AQSHda oʻzaro yordam jamiyatlari sifatida paydo boʻlgan. Rivojlangan mamlakatlarda 19-a. da legallashdi. Kasaba uyushmalari xodimlarning mehnat sharoiti, ish haqi, turmush, madaniyat va sh. k. sohalardagi manfaatlarini himoya qilishga daʼvat etilgan. 14 yoshga toʻlgan va mehnat (kasb) faoliyati bilan shugʻullanayotgan har bir kishi oʻz xohishiga koʻra, oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun Kasaba uyushmalari tuzish, ularga kirish, Kasaba uyushmalari faoliyati bilan shugʻullanish va Kasaba uyushmalaridan chiqish huquqiga ega. Eng yirik xalqaro Kasaba uyushmalari markazlari: Jahon Kasaba uyushmalari federatsiyasi (1945-y. Parijda tuzilgan, 80 dan ortiq mamlakat milliy kasaba uyushma markazlarini birlashtiradi, kasaba uyushma umumiy aʼzolarining soni 20-a. ning 90-y. larida 213 mln. dan ortiq boʻlgan), Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasi va Jahon mehnat konfederatsiyasi (1920-y. Vatikan yordamida Xalqaro xristian Kasaba uyushmalari konfederatsiyasi nomi bilan tuzilgan, 14 mln. dan ortiq aʼzosi bor, qarorgohi Bryusselda).

Ensiklopediya.uz
KASABA UYUSHMALARI