KOKSIDLAR

KOKSIDLAR

KOKSIDLAR (Cocciniea yoki Coccoidea) — teng qanotlilarga mansub hasharotlar turkumi. Mayda (0,6 — 1 mm), baʼzan oʻrtacha (1,5 sm) kattalikda. Jinsiy dimorfizm yaqqol rivojlangan. Urgʻochilarining tuzilishi juda soddalashgan; tanasi bosh, koʻkrak va qorin qismiga ajralmagan; sirti mumsimon modda bilan qoplangan, qanotlari boʻlmaydi. Erkaqlari bir juft qanotli, oyoqlari rivojlangan, ogʻiz organlari reduksiyaga uchragan. Koksidlar keng tarqalgan, ayniqsa, tropiklarda juda koʻp va xilmaxil boʻladi. Yer yuzida Koksidlarning 4000 turi, Oʻrta Osiyoda esa 120 turi qayd etilgan. Unsimon cherveslar (Pseudosoccidae), kermeslar (Kertococcidae), juft bezli cherveslar (Asterolecaniidae), soxta qalqonli Koksidlar (Coccoidae), aqlerdlar (Aclerdidae), qalqondorlar (Diaspididae) va b. keng tarqalgan. Koksidlarning lichinka va urgʻochilari mevali hamda manzarali daraxtlarga jiddiy zarar yetkazadi. Koʻpchilik turlari partenogenetik koʻpayadi. Urugʻlanmagan tuxumlardan chiqqan ser-harakat «daydi» lichinkalar oziqlanish va rivojlanish uchun daraxt tanasi boʻylab joy izlaydi; qulay joy topgach, tanaga yopishib olib uzun sanchibsoʻruvchi ogʻiz apparatini oʻsimlik tanasiga sanchib harakatsiz holatga oʻtadi va ustiga qalqoncha hosil qilib, 3 — 4-marta pust tashlaydi va shu qalqoncha ostida voyaga yetgan hasharotga aylanadi. Odatda, yiliga 1—2, hatto 3—4-martagacha nasl beradi. Koksidlarning koʻpchilik turlari (mas, kaliforniya qalqondori) karantin obyekt hisoblanadi. Koksidlar orasida foydali turlari ham uchraydi; boʻyoq beruvchi qurtlar tomonidan ajralib chikddigan yelimsimon moddadan koshenil boʻyogʻi olish uchun foydalaniladi. Kurash choralari: yangi barpo etilayotgan va qurigan koʻchatlar oʻrniga yangisi ekib toʻldirilayotgan bogʻlarga Koksidlarning tushishiga yoʻl qoʻymaslik va mavjud bogʻlarda tarqalgan qalqondorlarni yoʻqotishdan iborat. Kimyoviy kurash choralaridan ekiladigan koʻchat va qalamchalarni maxsus kameralarda brommetil bilan fumigatsiya qilish, zararlangan daraxtlarga erta bahorda nugor, malfos, 30-preparat purkash qoʻllaniladi.

Ensiklopediya.uz
KOKSIDLAR