KALENDAR
KALENDAR (lot. calendarium — qarz daftari) , taqvim — yil, oy, hafta va kunlar hisoblashni yuritish tizimi. Quyosh, Oy, sayyoralarning koʻrinma harakati, kun bilan tunning almashinuvi, Oy fazalari va yil fasllarining davriy ravishda takrorlanib turishiga asoslanadi. Kalendarning paydo boʻlishi odamning xoʻjalik faoliyatini yuritish ehtiyoji bilan bogʻliq. Odamlar Quyoshning chiqib botishini kuzatib — kun, Oy oʻrogʻining avval kattalashib, soʻng kichrayishiga qarab — oy, yil fasllarining davomida Quyoshning ufqdan qanchalik koʻtarilishini kuzatib yil tushunchalariga kelishgan. Asta-sekin vaqtni yana ham aniqroq xisoblash ehtiyoji b-n soat, minut birliklari, mifologik anʼanalar asosida hafta tushunchasi kiritilgan. Vaqt hisobini toʻgʻri yuritish uchun dastlabki rasadxonalar qurilgan, quyosh soati oʻylab topilgan.
Ensiklopediya.uz
KALENDAR