KURSAVIY Abu Vasr
KURSAVIY Abu Vasr (1776, Kursa, Tatariston — 1812, Istanbul) — is-lomdagi islohotchilik harakati va tatar maʼrifatparvarligining asoschisi. Mahalliy madrasada oʻqigan. 19a. boshida Buxoroga kelib Niyozquli at-Turkmaniy (naqshbandiya — mujaddadiya tariqatining mashhur shayxlaridan biri) qoʻlida tahsil olgan. Buxoro madrasalaridagi oʻquv tizimini isloh qilish boʻyicha oʻz dasturini ishlab chiqqan. Aqoid va Kalom masalalarida Buxoro ulamolari bilan tortishib qolgan. Yirik ilohiyotchi olim Saʼdaddin atTaftazoniy (1390-y. v. e.) kitobiga yozgan sharhida Kursaviy oʻz fikrini oshqora bayon qilgan. 1808—09 y. larda Buxoro amiri Haydar huzurida boʻlgan ulamolar majlisida oʻz qarashlarini qatiyat bilan himoya qilsa ham, u dahriylikda ayblanib, qisqa muddat tutqunlikda saqlangan. Buxorodagi mudarris ustozlarining talabi bilan ozodlikka chiqarilgan. Kursaviy oʻz yurti — Qozon yaqinidagi Yuqori Kursa qishlogʻiga qaytib, mahalliy madrasada mudarris boʻlgan. U oʻz qarashlarini mashhur «Al-Irshod lil-ibod» risolasida bayon qilgan. Makkaga haj safari paytida Istanbulda vafot etgan va oʻsha yerda dafn qilingan.
Ensiklopediya.uz
KURSAVIY Abu Vasr