QALʼA
QALʼA — qadimda va oʻrta asrlarda bino qilingan mustahkam mudofaa istehkomi. Yozma manbalarda Qalʼa qoʻrgʻon, istehkom, hisor va shahar maʼnolarida tilga olinadi. Qalʼalar, doira, toʻgʻri toʻrtburchak, kvadrat yoki oval tarhli boʻlib, atrofi bal. oʻrtacha 9—10 m, qalinligi 3—4 m. mudofaa devori bilan oʻralgan. Devor tashqarisidan chuqur (2 — 3 m) va kengligi 10—15 m li xandaq — zovur kavlangan. Qalʼa devori paxsa va yirik xom gʻishtlardan barpo etilgan. Devor boʻylab moʻlalar, ayniqsa, uning burchak qismlarida esa doira yoki toʻrtburchak shakldagi burjlar qad koʻtarib, ularning bir yoki ikki qator nishon tuynuklari — shinak (tirkash) lari boʻlgan. Qalʼada bir yoki ikki darvoza boʻlib, ular strategik jihatdan nihoyatda mustahkam (qoʻsh minorali labirintli) qilib qurilgan. Qalʼa ichida aholi turar joylari, ot, ulov va mollar uchun otxona, molxona va qoʻralar boʻlgan. Qamal vaqtlarida esa, zaruriy oziq-ovqat, yemxashak, qurolyarogʻ, kamon oʻqlari va palaxmon toshlari saqlangan.
Ensiklopediya.uz
QALʼA