KATTAQOʻRGʻON TEATRI

KATTAQOʻRGʻON TEATRI

KATTAQOʻRGʻON TEATRI, Abdulhamid Majidiy nomidagi Kattaqoʻrgʻon shahar oʻzbek drama teatri — Samarkand viloyatidagi teatrlardan biri. 1920-y. da havaskorlik toʻgaragi sifatida tashkil etilib, 1921-y. 15 yanv. da Ziyo Sayd va Moʻmin Muhammadjonovning «Qonli kun» («Toshkent isyoni») spektakli bilan ochilgan. D. Sohibov, R. Eshjonov, H. Burhonov, M. Hamroyev, A. Murodov, G. Sayfuddinova, X. Bekqobulova, Z. Burnasheva, X. Sharafiyeva va b. truppaning ilk aktyorlaridir, badiiy rahbar S. Saydashev. Dastlabki yillar truppada, asosan, tashviqot va targʻibot ruhidagi bir pardali dramalar, shuningdek, Hamzaning «Muhabbat qurbonlari», «Tuhmatchilar jazosi», A. Qodiriyning «Baxtsiz kuyov», Gʻ. Zafariyning «Erk bolalari», H. Shukrulloning «Yangi maktab, eski maktab», M. F. Oxundovning «Hoji qora» va b. asarlari sahnalashtirildi. 1926-y. truppa davlat teatriga aylantirildi. 1928-y. «Haqiqat» nomi berilgan. H. Yusupov bosh rej., L. Sayfullina adabiy emakdosh etib tayinlandi. Teatrning shakllanishi va ijodiy taraqqiyotida A. Boltayev, S. Gʻafurov, R. Hasanova, Q. Toʻrayev, S. Hayitov, X. Soʻfiyev, A. Karomatov kabi mahalliy aktyorlar, shuningdek, A. Sulaymonov, S. Joʻraboyev, Z. Qobulov kabi Samarkand teatri aktyor va rej. larining xizmatlari katta. 30-y. larning 2-yarmida teatrga Sh. Meliyeva, R. Rizayev, T. Ioʻldoshev, L. Melnikova (Jamilova) va b. isteʼdodli yoshlar kelib qoʻshildi. «Halima» (Gʻ. Zafariy), «Gʻunchalar» (3. Fatxullin; D. Zokirov), «Maysaraning ishi», «Xolisxon» (Hamza), «Adolat» (I. Akramov; Sh. Akramov) kabi spektakllar qoʻyildi.

Ensiklopediya.uz
KATTAQOʻRGʻON TEATRI