KAMCHATKA VILOYATI

KAMCHATKA VILOYATI

KAMCHATKA VILOYATI — RFdagi viloyat. 1932-y. 20 okt. da Xabarovsk oʻlkasi tarkibida tashkil etilgan. 1956-y. dan Koryaklar muxtor okrugini oʻz ichiga olgan RFning mustaqil viloyati. Kamchatka ya. o. da, shuningdek, Karaga va Komandor o. larida joylashgan. Oxota va Bering dengizlari va Tinch okeanga tutash. Mayd. 472,3 ming km2. Aholisi 383,2 ming kishi (2000), asosan, ruslar, shuningdek, ukrain, koryak, itelmen, evenk, aleut, chukchalar ham yashaydi. Shaharliklar 81,3%. 11 tu-manga boʻlingan, 5 shahar, 11 shaharcha bor. Markazi — PetropavlovskKamchatskiy sh. (Tabiatini Kamchatka va Koryaklar muxtor okrugi maqolalaridan q.). K. v. RFning asosiy baliqsanoati r-nlaridan biri. Baliq, asosan, Bering dengizi va Tinch okeandan ovlanadi. Kamchatkaning gʻarbiy qirgʻogʻiga yaqin suvlari — krab ovlanadigan asosiy r-n. Yirik baliq va baliq konservalash z-dlari: Petropavlovsk, Oktyabrskiy, Ozernovskiy, Kirovsk, Ust-Kamchatsk, Olyutorskiy. Viloyat xoʻjaligida moʻynali hayvonlar ovlash va darrandachilik muhim ahamiyatga ega. Oʻrmon sanoatida yogʻochsozlik korxonalari Kamchatka daryosi vodiysi boʻylab joylashgan. Kemasozlik, kema tuzatish va qurilish materiallari sanoati korxonalari bor. Koʻmir, gidroenergiya, yer osti qaynoq suvlari kabi energetika resurslari mavjud. Paujetka issiq bulogʻida quvvati 11 ming kVt boʻlgan geotermal elektr stansiyasi, Petropavlovsk-Kamchatskiyda issiklik elektr markazi qurilgan.

Ensiklopediya.uz
KAMCHATKA VILOYATI