QOSIMOV Mirjalol Qoʻshoqovich
QOSIMOV Mirjalol Qoʻshoqovich (1970.17.9, Toshkent) — futbolchi. Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi (1994), «Oʻzbekiston iftixori» (2002). Qosimov oʻsmirlar oʻrtasida jahon (1987, Kanada), yoshlar oʻrtasida Yevropa (1988, Chexoslovakiya) chempioni, Oʻzbekiston kubogi gʻolibi (1993, 1997, 2002, 2003), Oʻzbekiston (1999, 2002, 2003), Rossiya (1995), Osiyo oʻyinlari (1994, Xirosima) chempioni. Q. Toshkentning «Paxtakor» (1987-1991, 1993, 1997-1998, 2002-2004), Vladikavkazning «Alaniya» (1992, 1994-1996, 2004). Samaraning «Krыlya Sovetov» (1999-2000), Dubayning «Al-Shabab» (2001), Muborakning «Mashʼal» (2005-y. dan) futbol klublarida oʻynagan. Qosimov uchrashuvlar paytida jamoaviy oʻyin tashkil etish, toʻpni sherigiga qulay tarzda uzatish, jarima va burchak toʻplarini mahorat bilan darvozaga kiritish ustasi. Q. Oʻzbekiston jismoniy tarbiya in-ti (1996) va Toshkent iqtisodiyot un-ti (1999)ni tugatgan. «Shuhrat» medali (1994), «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni (2004) bilan mukofotlangan.
Ensiklopediya.uz
QOSIMOV Mirjalol Qoʻshoqovich