INFANTILIZM

INFANTILIZM

INFANTILIZM (lot. infantilis – bolalarcha) — kattalarda ilk bolalik davriga xos boʻlgan morfologik, fiziologik va ruhiy hislatlarning saqlanib qolishi bilan ifodalanadigan klinik sindrom. I. ning sabablari, qaysi aʼzo yoki sistema yetilmaganligi, koʻrinish alomatlari va b. ga koʻra bir necha turi farq qiladi. Infantilizm tugʻma boʻlishi yoki oʻsish davridagi har xil kasalliklar (sil, qizamiq), turli zaharlanishlar, inki sekretsiya bezlari va miya kasalliklari, tomirlardagi nuqsonlar sababli kelib chiqishi mumkin. Infantilizmning yaqqol belgisi — pakanalik, odamning boʻy-basti koʻpincha bolalarga xos boʻlib qoladi. Ikkilamchi jinsiy belgilar, tashqi va ichki jinsiy aʼzolar ham tuzuk rivojlanmay qoladi. Bolani yoshligidan sogʻlom qilib tarbiyalash, yuqumli kasalliklardan saqlash, toʻgʻri ovqatlantirish, sof havodan bahramand qilish, badan tar-biya bilan shugʻullantirish, oʻsishi va rivojlanishiga koʻz-quloq boʻlib turish Infantilizmning oldini olishga yordam beradi.

Ensiklopediya.uz
INFANTILIZM