ISHLAB CHIQARISHNI IXTISOSLASHTIRISH
ISHLAB CHIQARISHNI IXTISOSLASHTIRISH — korxona, kompaniya yoki ularning biror tarkibiy qismining asosiy faoliyatini tor doiradagi mahsulot, tovarlar va xizmatlar i. ch. ga yoʻnaltirish. Maʼlum mahsulot ishlab chiqaradigan xoʻjalik sohalari va korxonalarning shakllanishida oʻz ifodasini topadi. Tarixiy taraqqiyot davomida sanoat, q. x., qurilish va b. sohalarda ixtisoslashish paydo boʻldi. Oʻz navbatida, bulardan yana yangi ix-tisoslashgan sohalar ajralib chiqmoqda. Sanoatda ixtisoslashuv tayyor mahsulot, detal va qismlar, texnologiya boʻyicha boʻlishi mumkin. Mashinasozlikda qismlar (detallar) boʻyicha ixtisoslashuv avtomobilsozlik, transportsozlik va aviatsiya sanoatida koʻp uchraydi. Natijada yigʻish korxonalari — kooperatsiya asosida mahsulot ishlab chiqaradigan korxonalar kengayib boradi. Ixtisoslashgan sohalar va korxonalar bir xil mahsulot ishlab chiqaradi, ularning oʻziga xos texnologiya jarayoni va ixtisoslashgan kadrlari boʻladi. Ixtisoslashtirish jarayonining taraqqiyoti ijtimoiy i. ch. ning oʻsishi, ishlab chikaruvchi kuchlarning rivojlanishi bilan belgilanadi. Oʻz navbatida ixtisoslashtirish ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishiga yordam beradi.
Ensiklopediya.uz
ISHLAB CHIQARISHNI IXTISOSLASHTIRISH