QORABOGʻIY haqida

QORABOGʻIY haqida

QORABOGʻIY

QORABOGʻIY Yusuf, Yusuf ibn Muhammadjon al-Qorabogʻiy alMuhammad Shohiy (1563, Ozarbayjon, Qorabogʻ qishlogʻi — 1647, Buxoro) — faylasuf olim va faqih. Dastlabki maʼlumotni Qorabogʻda olgan, soʻngra Shirvon va Sherozda tahsilni davom ettirgan. Arab va fors tillarini chuqur bilgan. Siyosiy notinchliklar (Safaviylar davlatiaati qizilboshlilar zulmi) natijasida ustozi Habibulla Mirzojon Sheroziy bilan Samarqandga kelib (1586), kubroviylik tariqatining Samarqanddagi piri Xalilullo Badaxshiyning shogirdi sifatida kubroviylikning faol targʻibotchisiga aylangan. Keyinchalik Buxoroga koʻchib kelgan va uning Sepulon mavzeida yashab qolgan.

Q. Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Gʻazoliy, Nosiruddin Tusiy, Jaloliddin Davoniy, Taftazoniy kabi faylasuflarning anʼanalarini davom ettirib, 16—17-a. larda falsafaning Oʻrta Osiyodagi taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan. Qorabogʻiyning «Risolai botiniyya» (bu asar «Yetti jannat» nomi bilan mashhur), «Fi taʼrifi ilm» («Ilm taʼrifida»), «Mafotih» («Kalitlar») va b. asarlar yozgan. Shuningdek, u Davoniy, Qazviniy, Taftazoniy, Shahobiddin Suxravardiy kabi olimlarning asarlariga sharhlar bitgan, arab tili, mantiq, riyoziyot, lugʻatshunoslik va fiqh masalalariga oid qator risolalar, sheʼrlar ham yozgan. Olimning 24 ta risolasining qoʻlyozmasi Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-ti fondida saqlanadi.

Ensiklopediya.uz
QORABOGʻIY