QOLGANDARYO haqida

QOLGANDARYO haqida

QOLGANDARYO

QOLGANDARYOAndijon viloyatidagi daryo. Qoradaryoning Andijon viloyati Baliqchi tumani va Namangan viloyati Norin tumanining jan. hududidan oʻtgan qolgan oʻzani. Daryoning chap sohiliga shoʻr tuproq va qumoq yerga qurilgan (1848—50) kanalni 1876-y. dan daryo suvi yuvib keta boshlagan. 1883-y. suv toshqini natijasida Qoradaryo tamoman kanalga oqa boshlagan. Daryo oʻzani balandda qolib ketgan. Daryo chinobod qishlogi yaqinida yana eski oʻzaniga burib yuborilgan. Qoradaryoning shim. da qolib ketgan 20 km uzunlikdagi oʻzani Qolgandaryo nomi bilan atalgan va sizot suvlar bilan toʻlgan. 20-a. boshlaridan buyon sholikorlikda foydalaniladi hamda yaylov xizmatini oʻtaydi. Koʻp qismi ekin maydonlariga aylantirilgan.

Andijon viloyati shim. dan oqib keladigan Oqboʻra daryosini Shahrixonsoy kesib oʻtgan shim. tomondagi qolgan oʻzani ham Qolgandaryo deb atalgan. Oqboʻra oqovasi Shahrixonsoyga qoʻshilib, uning oʻzani qurib qolgan. Hozirgi Qolgandaryo oʻrni Jalolquduq tumanining ekinzorlari orasida joylashgan. Endilikda sobiq oʻzandan ariq oqib oʻtadi.

Ensiklopediya.uz
QOLGANDARYO