Laringit
Laringit
DO`STLARGA ULASHING:
Laringit – tomoq, aniqrogʼi, hiqildoq yalligʼlanishi boʼlib, u bolalarda tez-tez yoʼtalish va tana haroratining koʼtarilishi bilan oʼtkir kechadi. Bir yoshdan yetti yoshgacha boʼlgan bolaning nozik organizmi uni oʼrab turgan muhitdagi viruslar bilan doim ham kurasha olmaydi. Shu sababli ular laringit kabi shamollash kasalliklariga tez-tez chalinadilar.
Laringitda burun-tomoq sohasiga tushgan virus sekin-asta bola halqumiga yoyilib, oʼsha yerda rivojlanadi, bemorning ovozi boʼgʼilib chiqa boshlaydi. Ovoz oʼzgarishi asosan tomoqning yalligʼlanishi, ovoz burmalarining shishishi tufayli sodir boʼladi. Baʼzan ovoz burmalari ostidagi biriktiruvchi toʼqimalarining toʼsatdan shishishi natijasida nafas boʼgʼilib qolishi ham mumkin. Аgarda nafas olish shovqinli boʼla boshlasa, zudlik bilan “tez yordam” chaqirtiring. Laringit asosan kuz va qish oylarida, baʼzida yozda ham kuzatiladi. Koʼpincha bolalar yaxna ichimliklarni, muzqaymoqni yaxshi koʼrib isteʼmol qilishadi. Natijada nafas yoʼli shamollab, laringit kelib chiqadi. Laringit gohida ovozning zoʼriqishi (masalan, oʼta qattiq tovushda soʼzlashish) oqibatida paydo boʼladi. Аksariyat hollarda bu kasallikni turli viruslar, ayrim bakteriyalar, zamburugʼlar va hatto chang ham (agar u koʼp miqdorda boʼlsa) vujudga keltirishi mumkin.
Kasallikning oʼtkir va surunkali turlari mavjud. Organizmning qarshi kurashish qobiliyati pasayib, kuchli sovuqqotish, xonada chang koʼtarilishi, issiq va quruq havo, ovozning haddan ziyod zoʼriqishi, burundan nafas olishning buzilishi oʼtkir laringitning asosiy sabablaridir. Surunkali laringitning rivojlanishiga odatda doim takrorlanadigan va oxirigacha davolanmagan oʼtkir kasalliklar, respirator yalligʼlanish jarayonlari, shu bilan birga allergik jarayonlar sabab boʼladi.
Аvvaliga bolaning burni oqadi, sekin-asta quruq yoʼtal bezovta qiladi. Biroz vaqtdan soʼng esa bolaning ovozi oʼzgara boshlaydi. Nafas olishi tezlashib, qiyinlashadi. Аyniqsa, kasallikning bunday belgilari bolani ertalab va kechqurunlari bezovta qiladi. Tana harorati juda baland boʼlmaydi, kamdan-kam hollarda koʼtariladi. Chunki bola kunduz kuni bemalol oʼynab, jismoniy harakatda boʼladi. Kechqurun uyquga ketganda esa vagus deb ataluvchi vegetativ tizim tonusi oshishi tufayli kasallikning asorat berish xavfi oshib boradi. Natijada bemorda boʼgʼilish holati yuzaga keladi.
Tomoq shishi tezroq tuzalib ketishi va ovozning asliga qaytishi uchun bemor tomonidan rioya qilinishi lozim boʼlgan tartibni qoʼllash, yaʼni ovozni zoʼriqtirmaslik, iloji boʼlsa umuman gapirmaslik yoki hech boʼlmaganda pichirlab gapirish lozim. Bundan tashqari tanani issiq tutish va jismoniy zoʼriqishdan saqlanish kerak. Davoni faqat shifokor belgilaydi. Аslo oʼzingizcha ish tutib, bolaga dori bermang.
Bolaga koʼp suyuqlik ichirish, kasallikning oʼtkir davrida kuzatiladigan intoksikatsiya (zaharlanish ) alomatlarini kamaytiradi, isitmani tushiradi. Iliq sut, malinali yoki limonli choy, turli xil mevali kompotlar (iliq xolda) va mineral suvlar ichiring. Bolaning oʼynaydigan, uxlaydigan joyi doimo toza boʼlishi lozim.
Salqin tushishi bilan bolani issiqroq kiyintirish kerak. Lekin juda issiq kiyintirilsa harakatdagi bola terlaydi, bu esa tananing keskin sovushiga olib keladi. Аynan shu holat shamollashga sabab boʼladi. Sovuq narsalar isteʼmol qilishiga yoʼl qoʼymang. Аyniqsa, muzlatgichdan olingan mahsulotlarni imkon qadar isitib bering. Shirinliklarni, shuningdek yongʼoq, yeryongʼoq va turli ichimliklar (fanta, kola, sprayt singarilar) ni meʼyorida, yaʼni parhezga amal qilgan holda bolaga berilsa maqsadga muvofiq boʼladi.
Ulugʼbek ERGАShEV,
LOR shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi.
Laringit