Bolalarda enkoprez
Bolalarda enkoprez
DO`STLARGA ULASHING:
Bolalarda axlatini muntazam funktsional tutolmaslik (enkoprez) chanoq aʼzolari innervatsiyasining tugʼma norasoligida (masalan, orqa miya churrasida), orqa va bosh miya shikastlanganida hamda aqli zaif bolalarda va boshqalarda kuzatilishi mumkin.
Funktsional axlat tutolmaslikka olib keluvchi bir qancha sabablar mavjud.
Birinchi sabab. Bemorlarda enkoprez, ruhiy zoʼriqish (qoʼrquv, vahima) va kayfiyatni tushiruvchi taassurotlar oqibatida yuzaga keladi. Koʼpgina bemorlar anamnezida kuchli iztirob chekish (yaqinlaridan birining vafoti, baxtsiz hodisa, tabiiy falokat va hokazo), chekishi yoki surunkali ravishda qoʼrqish (bolalarini kaltaklaydigan ota-onalardan yoki bajarilmagan uy vazifasini har daqiqada soʼrab qolishi mumkin boʼlgan oʼqituvchidan qoʼrqish) tufayli kelib chiqishi aniqlanadi.
Ikkinchi sabab. Bemorlarda muntazam ravishda tabiiy xohishni soʼndirilishi (defekatsiya) ham enkoprezni keltirib chiqaradi.
Baʼzan, atrof-muhitni endigina tushunib yetayotgan, salbiy taʼsirda boʼlgan 1-3 yashar bolalardagi tabiatan sodir boʼlgan qisman axlat tutolmaslik patologik enkoprezga olib kelishi mumkin.
Bunda ayrim ota-onalar bolalariga hojatga chiqishni juda erta oʼrgatmoqchi boʼlishadi. Ular bolani majburan tuvakka oʼtkazishib, agar ichini oʼz vaqtida boʼshatmasa jazolashadi ham. Bunday majburiy tadbir bolalardagi salbiy kayfiyatni kuchaytirish bilan birga defekatsiya hissini ham susaytiradi. Vaqti-soati yetib, bu jarayon surunkali tusga oʼtib, toʼgʼri ichak axlatga liq toʼlgandan soʼng, u oz-ozdan beixtiyor sezmasdan axlat ajrata boshlaydi. Bundan tashqari, bu guruh bemorlarda defekatsiya refleksi soʼnishiga atrofmuhit, jumladan, maktabgacha tarbiya muassasi va maktab sharoitidan keyin jamoat hojatxonasiga koʼnikishning qiyinligi, qorongʼilikdan qoʼrqish, tanaffus paytida xojatxonaning bandligi, dars mahali soʼrab chiqishdan uyalishlar kabi bir necha holatlar sabab boʼlishi mumkin.
Uchinchi sabab. Funktsional axlat tutolmaslik sabablarining yana birini bola erta yoshida boshidan kechirgan oʼtkir meʼda-ichak kasalliklari (dizenteriya, enterokolit va surunkali dispepsiya) tashkil etadi.
Toʼrtinchi sabab. Аsfiksiya (boʼgʼilish) bilan tugʼilgan va tugʼruq yoʼllaridan oʼtayotib jarohatlangan goʼdaklarda ham keyinchalik enkoprez vujudga keladi. Bunday bemorlarning onalari soʼrovlanganda anamnezida homiladorlik va tugʼruq asoratli kechgani maʼlum boʼladi. Bundan tashqari enkoprezga muddatidan kech tugʼilish, kechki toksikozlar, ona qonidagi immunologik nomutanosibliklar, tugʼruqda qisqich va vakuumning ishlatilgani shular jumlasiga kiradi. Bu omillarning barchasi tamomila asfiksiya hamda miyaga qon quyilish bilan kechadigan jarohatlanishga olib keladi.
Klinik belgilari va tashxis qoʼyish. Kasallik koʼpincha 3-7 yoshda boshlanib, enkoprez bir xil namoyon boʼladi. Bunda doim toza va quruq yurgan bola qoʼqqisdan beixtiyor axlat ajratadigan boʼlib qoladi. Baʼzi hollarda axlat faqat kunduzlari harakatchan oʼyinlar, jismoniy zoʼriqishlar oqibatida, hech bir sababsiz ajralsa, boshqacha guruh bemorlarda ota-onalar bolaning kechasi toʼshaklarni bulgʼab qoʼyishganidan shikoyat qiladi. Bu alomatlar qoʼqqisdan paydo boʼlib, qisqa vaqt ichida butunlay yoʼq boʼlib ketishi mumkin. Boshqa hollarda esa kasallik asta-sekinlik bilan toʼxtovsiz kuchayib boraveradi. Bola toʼshak va ishtonini muntazam bulgʼaydi, undan badboʼy hid anqib turadi, ammo u bu hodisani oʼzi sezmaydi.
Klinik manzaralarning ifodalanishi bola asab-ruxiy muhitining shikastlanish darajasiga, kasallikning davomiyligiga, tashqi taassurotlarga va uning parvarishlanishiga koʼp jihatdan bogʼliq. Bora-bora, ayniqsa ota-onaning beparvoligi oqibatida kasallik kuchayib, bola muntazam ishtonini bulgʼaydigan boʼlib qoladi. Enkoprez baʼzan tungi enurez bilan uygʼunlashib keladi. Soxta enkoprez paydo boʼlishdan avval axlatning oz-ozdan ahyon-ahyonda beixtiyor ajralishi kuzatiladi. Qabziyatning kuchayishi va axlat tutolmaslik baʼzan bir vaqtning oʼzida rivojlanishi mumkin.
Bunda, ayrim ota-onalar patologik holatni yuzaga kelishida oʼzlarini aybdor sezishgani holda, bolaga nisbatan boʼlgan munosabatlarini oilaviy janjal va kamchiliklarni shifokordan yashirishga urinishadi. Baʼzan katta bolalarning oʼzlari ham bu holatda aziyat chekib koʼpincha axlat tutolmaslikni yashiradi yoki uyalib, qoʼrqib buni tasdiqlaydi. Shularga qaramasdan bunday hollarda vrach anamnez maʼlumotlarini sinchiklab oʼrganishi maqsadga muvofiq.
Enkoprez sabablarini oʼrganishda ishonch hosil qilish mumkinki, nosogʼlom muhitli oilalarda tarbiyalangan bolalarda bu kamchilik koʼproq uchraydi. Аyrim bolalarning ota-onalari ajralishganda yoki birga turganlarida ham, ular orasida sovuq munosabatlar ota uyga kam kelishi va roʼzgʼor kam-koʼstiga qarashmasligi, bola bilan qoʼpol munosabatlar asosiy sabab boʼlishi mumkin. Аmmo yaxshi oilalarda ham bolalarga salbiy taʼsir koʼrsatuvchi omillarni koʼproq uchratish mumkin. Bunda bola atrofida sunʼiy ravishda asabiy holat vujudga keltiriladi, ayniqsa bolaning kasallik “sir”ini ota-onalari tanishlariga, qoʼshnisiga aytib qoʼyganida, bolaning ularga munosabatlari sovuqlashib qolishi bunga sabab boʼlishi mumkin.
Davosi. Funktsinal axlat tutolmaydigan bemorlarni davolash kompleks tarzda olib borilishi zarur. Davo tadbirlari bolaning ruhiy holatiga taʼsir etib, shartli reflekslarni idora etishga nerv impulьslarining oʼtkazilishi yaxshilanishiga hamda sfinkter tonusini oshirishga qaratilgan boʼlishi lozim. Bunda eng avvalo, bemor atrofida xotirjam va iliq muhit yaratilishi kerak.
Oila hayoti va maktab rejimining meʼyoriga toʼgʼri amal qilish muhimdir. Davo uslubi va usulini tanlashda enkoprez turi va xususiyatlari har bir bemorda alohida inobatga olinishi shart. Masalan, soxta enkoprezda ichak distal qismini tozalash, sabzavotli suyuq ovqat, koʼkatlar, karam, asal, qora olxoʼri, sut-qatiq mahsulotlaridan iborat yengil hazm boʼladigan va ichni yumshatadigan parhez tutilishi lozim. Bundan tashqari, 1 oshqoshiqdan 3 mahal vazelin yogʼi, sano preparatlari, ituzum, turp poʼstlogʼi damlamasi yaxshi foyda beradi.
Аxlat tutolmaslik tunda kuzatilsa, bolani yotishdan oldin hojatga borishga oʼrgatish muhim ahamiyatga ega. Refleks paydo qildirish uchun kechqurungi mashqlar sifatida, yoshiga qarab 300600 ml dan 10-20 kun mobaynida termo-kontrast huqnalar tavsiya qilinadi. Shu bilan vaqtida bolaga ichini kam-kamdan boʼshatish shartligi uqtiriladi, bu axlatni tutib turishni yaxshilovchi vosita hisoblanadi.
Bolada kunduzgi enkoprez koʼproq uchrasa, davoni ertalab va kechqurun tozalovchi huqnalar qilishdan boshlash lozim. Bu yerda ikki narsa katta oʼrin tutadi. Birinchidan toʼgʼri ichak tozalanib, axlat ajralishi ham oʼz-oʼzidan toʼxtaydi, eng muhimi, bolada kerakli vaqtda defekatsiya refleksi hosil boʼlib mustahkamlanadi. Keyinchalik bolani kunning bir vaqtida, yaxshisi ertalab nonushtadan keyin ichini boʼshatishga oʼrgatish kerak. Huqna qilish ketma-ket 25-30 kun mobaynida uy sharoitida oʼtkaziladi, baʼzan boshqa hech qanday usullarga ehtiyoj qolmaydi.
Barcha muolajalar shifokor tavsiyasiga asosan amalga oshirilishi lozim. Bunda albatta bolalar koloproktologiga murojaat qilish muammoni yechishda va davolashda muhim oʼrin tutadi.
Аbdurashid XАMROEV,
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti
«Gospital bolalar xirurgiyasi» kafedrasi
professori, tibbiyot fanlari doktori,
oliy toifali bolalar jarrohi.
Bolalarda enkoprez