Бош суяк остеомалари
Бош суяк остеомалари
DO`STLARGA ULASHING:
Bosh suyak osteomalari xavfsiz, sekin oʼsuvchi suyak oʼsmasidir. Koʼpincha kantserogen moddalar, radiatsiya nurlari va nasliy omillar osteomalarni keltirib chiqarishi mumkin. Bosh jarohatlanishi ham oradan yillar oʼtgach osteomaga sabab boʼladi.
Kichik hajmdagi osteoma bemorni bezovta qilmaydi, ogʼriq deyarli sezilmaydi, lekin yillar oʼtgani sari oʼsma kattalashib, ogʼriq va shish hosil qiladi. Bunda oʼsma bosh miyani ezib qoʼyishi, burun boʼshligʼiga yaqin joylashgani esa nafas yoʼllarini berkitib qoʼyishi mumkin.
Statistik maʼlumotlarga koʼra, osteomalar koʼproq oʼsmirlar va erkaklar orasida uchraydi. Osteomalarning avloddan avlodga oʼtish ehtimoli juda ham kam. Oʼsmalarning bir necha turi farqlanadi:
Osteomaning xavflilik jihati boshning qaysi qismida joylashganligiga bogʼliq. Kasallikni tashxislash uchun bosh suyak rentgenografiyasi yoki suyak rejimidagi kompʼyuter tomografiya tekshiruvi oʼtkazilishi maqsadga muvofiq. Olingan natijalarda osteoma tashxisi tasdiqlansa, avvalo oʼsma hajmi va joylashgan joyiga ahamiyat beriladi.
Osteomaning kechishi uning joylashishi sohasiga bogʼliq. Osteoma bosh suyagining tashqi tomonida joylashganda u ogʼriq bermaydi, qimirlamaydi, qattiq va zich tuzilishga ega, sirti silliq boʼladi.
Bosh suyagining ichki tarafida joylashgan osteoma xotira buzilishi, bosh ogʼrigʼi, kalla suyagi ichi bosimi oshishiga sabab boʼlishi va hatto epileptik xurujlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Osteoma turk egarchasi sohasida joylashganda gormonal buzilishlar rivojlanishiga turtki beradi.
Oʼlchami 1-2 sm li osteomalar oy yoki yillar davomida kuzatilib, oʼsish tezligi aniqlanadi. Ular juda sekin oʼsganligi, ayrimlari esa umuman oʼsmasligini hisobga olinib bemorlarda jarrohlik amaliyoti qoʼllanilmaydi. Lekin bemorlar davriy ravishda shifokor nazoratidan oʼtib turishadi. Аgar osteoma oʼlchamlari 3 sm va undan katta boʼlsa, bunday holatlarda faqat jarrohlik usulida davolashga kirishiladi. Jarrohlik amaliyotidan keyin ogʼir nevrologik asoratlar deyarli kuzatilmaydi.
Ilgarilari osteomani davolash uchun bosqichli jarrohlik amaliyoti oʼtkazilar edi. Birinchi bosqichda, bosh suyagidagi osteoma oʼsmasi olib tashlanar, ikkinchi bosqichda esa bemor qaytadan operatsiya stoliga yotqizilib, operatsiyadan qolgan bosh suyagidagi nuqson (suyak teshigi) sunʼiy implant bilan toʼldirilar edi. Hozirgi vaqtga kelib, bu ikki bosqich bitta operatsiyaning oʼzida bajarilmoqda. Ilgari qoʼllangan ikki bosqichli operatsiyada bemor bosh suyagidagi nuqsonlar toʼldirilgunicha qadar nogironlik guruhiga oʼtardi. Jarrohlikning yangi usuli esa bemorlarning tuzalishini osonlashtirish bilan birga, davolanish uchun ketuvchi vaqtni ham qisqartirmoqda.
Boshida osteoma oʼsmasi bor bemorlar muntazam kuchli aqliy faoliyat bilan shugʼullanishdan, depressiya va stresslardan, turli zararli kimyoviy moddalardan oʼzlarini himoya qilishlari kerak. Osteoma jarrohlik yoʼli bilan olib tashlanganidan keyin ham, bemorga vaqtinchalik yengil kun tartibidagi ish faoliyatiga oʼtish tavsiya etiladi. Oradan maʼlum vaqt oʼtganidan soʼng, bemorning umumiy ahvoliga qarab, bosqichma-bosqich odatiy yashash tartibi tayinlanishi mumkin.
Bosh suyak osteomalari sekinlik bilan oʼsuvchi xavfsiz oʼsmalar boʼlib, oʼz vaqtida shifokorga murojaat qilinganda katta muvaffaqiyat bilan davolanadi. Osteoma paydo boʼlishi bilanoq bemor ortiqcha xavotirsiz tezroq mutaxassis koʼrigidan oʼtgani maʼqul.
Gulnora АLIXOʼJАEVА,
Toshkent tibbiyot akademiyasi «Travmatologiya, neyroxirurgiya va XDJ» kafedrasi professori,
tibbiyot fanlari doktori.
Бош суяк остеомалари