Boʼyin atrofida ogʼriq boʼlsa
Boʼyin atrofida ogʼriq boʼlsa
DO`STLARGA ULASHING:
Аqliy mehnat bilan shugʼullanadigan kishilar uzoq vaqt oʼtirib ishlaganda, koʼpincha umurtqa pogʼonasida ogʼriqlar paydo boʼladi. Аyniqsa, umurtqaning boʼyin qismidagi ogʼriqlar ularni koʼproq bezovta qiladi. Boʼyinni qimirlatganda azob berib, harakatlarni chegaralab qoʼyadi. Yotganda ham noqulaylik tugʼdiradi, tunda yaxshi uxlamagani uchun, kunboʼyi unumli mehnat qilolmaydi. Bemor biror tomonga qaramoqchi boʼlsa, butun tanasi bilan burilishiga toʼgʼri keladi. Turli dorilar yordam bermagach, shifokorga borishga majbur boʼladi.
Odam boshini kun davomida oʼrta hisobda 600 marta qimirlatishi mumkin. Lekin vaqtida dam olmay koʼp oʼtirib ishlaganda, harakatsizlik oqibatida umurtqa pogʼonasiga, yelkaga hamda boʼyin mushaklariga ortiqcha yuk tushadi, bu aʼzolar zoʼriqadi. Boshni tik tutib turadigan mushaklar yalligʼlanganda bosh miyadan keladigan signallarni tanaga va qaytadan boshga oʼtkazuvchi nervlar ogʼriqlar haqida «xabar» beradi. Bosh miyani qon bilan taʼminlaydigan qon tomirlarida oʼzgarishlar sodir boʼladi.
Maʼlumki, yillar oʼtgani sari umurtqa pogʼonasining harakatchanligi hamda qayishqoqligi kamayib boradi. Odam kam harakat qilganda esa, statik yuk ortadi, ayni vaqtda umurtqa pogʼonasini tutib turadigan mushaklar tonusi susayadi. Umurtqalar orasidagi disklarning oziqlanishi buzilib, tarkibida oʼzgarishlar roʼy beradi, mustahkamligi kamayadi. Buning oqibatida disklarning shakli oʼzgaradi, elastikligi yanada kamayadi, ogʼriqlar esa yanada koʼpayadi. Bularning barchasi osteoxondroz paydo boʼlganidan darak beradi.
Boʼyin osteoxondrozi ham koʼp uchrab, bel osteoxondrozidan keyingi oʼrinda turadi. Bu kasallik kuchayganda boʼyin umurtqalari bir-biriga juda yaqinlashib, deyarli yopishib ketadi. Natijada miyaning qon bilan taʼminlanishi buziladi, shuning uchun, koʼp oʼtirib ishlaydiganlarda tez-tez bosh ogʼriydi, birdan harakat qilganda boshi aylanadi, quloqlarda shangʼillash paydo boʼladi.
Koʼp oʼtirib ishlaydiganlar orasida tanaffus vaqtida tamaki chekadiganlar ham bor. Tamaki chekish tufayli moddalar almashinuvi buziladi. Semirib ketish yoki ogʼir yuk koʼtarib yurish, tashish ham umurtqa pogʼonasini zoʼriqtiradi va ogʼriqlar keltirib chiqaradi. Yelka va boʼyin ogʼriqlariga, shuningdek, qomatning notoʼgʼri shakllanishi, yassitovon, umurtqa pogʼonasining qiyshayishi va boshqa kasalliklar sababli, shuningdek sovuqqotish natijasida ham mushaklar yalligʼlanib, boʼyin ogʼrishi mumkin. Аsablarning tez-tez buzilishi, noqulay vaziyatda uxlash, televizor oldida uzoq vaqt oʼtirish, bir necha soatlab kompьyuterda ishlash, avtomobilni uzoq vaqt boshqarish ham boʼyin ogʼrigʼiga olib keladi.
Yelvizakda uzoq vaqt oʼtirib qolganda, issiq xonada jismoniy mehnat yoki mashq qilgandan keyin qizib turib, birdaniga sovuq havoga chiqqanda (yoki konditsioner ishlab turgan xonaga kirganda) ham boʼyin mushaklarida ogʼriq turadi. Jismoniy ish, serharakatlik ogʼriqni kuchaytiradi. Yaxshisi, bunday holatlarda dam olish kerak yoki boʼyin sohasini ohista uqalash kerak. Shunda mushaklar boʼshashib, qon hamda limfa oqimi yaxshilanib, ogʼriq kamayadi.
Shifokor nazoratida boʼyin terisini qizdiradigan krem surtish yoki kechasi uyqudan avval spirtli paxta ustidan suvqogʼoz yopib, oʼrab yotish foyda beradi. Tuz, guruch yoki qumni qizdirib, biror xaltachaga solib, boʼyin atrofiga qoʼyish ham mumkin. Lekin bularning barchasi taʼkidlab oʼtganimizdek, mutaxassis tavsiyasi bilan amalga oshirilishi shart, chunki u xastalik darajasi, yoshingiz va sizdagi boshqa dardlar bor-yoʼqligini hisobga olib dori vositasi va maxsus mashqlar ham buyurishi mumkin.
Boʼyin ogʼrimasligi uchun eng avvalo, sport bilan shugʼullaning, ertalabki badantarbiya mashqlarini muntazam ravishda bajaring. Kun davomida ham boʼyin va yelka mushaklarini harakat qildirib turish lozim. Shunda moddalar almashinuvi faollashadi, ogʼriqlarning oldi olinadi.
Zulfiya YuSUFZODА,
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti
«Davolash ishi» fakulьteti talabasi.
Boʼyin atrofida ogʼriq boʼlsa