JINOYAT PROTSESSUAL KODEKSI haqida

JINOYAT PROTSESSUAL KODEKSI haqida

JINOYAT PROTSESSUAL KODEKSI

JINOYAT PROTSESSUAL KODEKSI (JPK) — jinoyat ishi yuzasidan tergov qilish va ishni sudda koʻrish tartibini belgilaydigan qonunlarning muayyan tizimga solingan majmui. JPK surishtiruv, dastlabki tergov organlari, prokuror va sudning jinoyat ishini qoʻzgʻatishdan boshlab, sudda koʻrilib hal qilingungacha boʻlgan faoliyatini, tergov, sud harakatlarini oʻtkazish, dalil yigʻish, protsessual muxlatlar, jinoyat ishini qoʻzgʻatish, rad etish, uni tugatish va toʻxtatish, aybdorni sudga berishni, shuningdek, ishni apellyatsiya, kassatsiya, nazorat tartibida va yangi ochilgan holatlar boʻyicha qaytadan koʻrishni xamda hukm ijrosiga oid masalalarni tartibga soladi. Oʻzbekiston Respublikasi JPK 1994-y. 22 sent. da qabul qilingan. Unda jinoyat ishini tekshirishda fuqarolarning, jamoatchilik, korxona, muassasa va tashkilot vakillarining qatnashuvi va protsessual huquqlari ham bayon qilingan. JPK normalari jinoyatni tez va toʻla ochish, haqiqatni aniqlash, aybdorni odilona jazolash uchun xizmat qiladi. Kodeksning oxirgi boblari alohida tartibda yurgiziladigan, jumladan voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi va tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlarga bagʻishlangan.

Ensiklopediya.uz
JINOYAT PROTSESSUAL KODEKSI