JUBBA haqida

JUBBA haqida

JUBBA

JUBBA, jiba, jeva — 1) Oʻrta Osiyo va Sharq armiyasida jangchini yoy oʻqi, qilich va nayzadan saqlash uchun simdan toʻqilgan maxsus harbiy kiyim. J., asosan, jang paytlarida kiyilgan. 1,5—2 mm diametrdagi temir simlarni qalin toʻr singari toʻqib, koʻylak va kalta shim shaklida tayyorlangan. Jubba ilk oʻrta asrlarda keng tarqalgan. Jubba ogʻir boʻlsa ham, jangchining gavdasini ixcham tutib, unga xalaqit bermagan. Jangchi Jubba bilan birgalikda yelka, bilak va koʻkrakni himoya qilish uchun «chor oyna» deb atalgan poʻlat taxtachalar taqib, qalqon bilan oʻzini himoya qilgan. 15—16-a. larda miltiq asosiy urush quroliga aylana boshlashi b-n Jubba kiygan askar (oʻrta asrlar).

Jubbaga ehtiyoj qolmagan;

2) avra-astarli, ichiga paxta solib qavilgan keng va uzun maxsus chopon. Koʻpincha qalandarlar, shayxlar kiygan. Jubbaning moʻyna va teridan qilingan turlari ham boʻlgan;

3) bolalar va erkaklarning paxtali ichki kiyimi (guppi). Ixcham hajmda, gavdaga yopishib turadigan qilib tayyorlanadi, shuning uchun 2 yon tomonida 28—30 sm yirtmochi boʻladi. Jubba 3 qavatli: astar va avra orasiga paxta yoki tuya juni solinib, siyrak choklar bilan koʻndalangiga qaviladi. Yon tomonidan orasi yaqin (5—6 sm) qilib qator tugmalar taqiladi.

Ensiklopediya.uz
JUBBA