Surunkali buyrak yetishmovchiligi

Surunkali buyrak yetishmovchiligi

Surunkali buyrak yetishmovchiligi

Mundarija скрыть
Surunkali buyrak yetishmovchiligi
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Surunkali buyrak yetishmovchiligi buyrak va buyrakdan tashqari baʼzi kasalliklarning asorati hisoblanib ushbu simptomokompleks asosida nefronlarning bosqichma-bosqich, qaytmas tarzda bujmayishi yoki buyrakning surunkali avj olib boruvchi kasalligidir.
buyrak yetishmovchiligi 624x233 1
Statistik maʼlumotlarga koʼra, surunkali buyrak yetishmovchiligi dunyo mamlakatlari ichida tarqalishi boʼyicha oʼrtacha 1 million aholiga 120-600 nafarni tashkil etadi.
Surunkali buyrak yetishmovchiligi avj olgach bemorlarning hayot sifati keskin yomonlashib boradi. Chunki bu holat bemorning muntazam davolanishini, kechki bosqichlarida esa gemodializ va buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilishini taqozo etadi. Shunday ekan, soha mutaxassislarining asosiy maqsadi surunkali buyrak yetishmovchiligining patogenetik boʼgʼinlariga turli yoʼllar bilan taʼsir qilib jarayon kechishini sekinlashtirish, shuningdek bemor hayot sifatini yaxshilab, umrini uzaytirishdan iborat.
Nefronlar nima?
buyrak-nefron
Nefronlar buyrakning tuzilmaviy va funktsional birligi boʼlib, ular orqali bir kecha-kunduzda 1,5-1,8 litr peshob ajralishi roʼy beradi, oqibatda organizmdagi moddalar almashinuvi va boshqa jarayonlar tufayli paydo boʼlgan zaharli moddalardan xalos boʼlish mumkin. Shuningdek buyrak organizmda gemeostaz, arterial qon bosimini muvofiqlashtirib turish hamda eritrotsitlar hosil qilishni ragʼbatlantirish kabi muhim jarayonlarda ham ishtirok etadi.
Sogʼlom shaxsning ikkala buyragida jami ikki milliontacha nefron bor. Inson buyragining rezervuarlik (zahira kuchi) qobiliyati shu qadar yuqori boʼladiki, sogʼlom shaxs uchun bitta buyrak bir umrga kifoya qiladi.
Tibbiy manbalarda keltirilishicha, jami nefronlarning 90 foizi nobud boʼlib, ularning soni 200-300 mingdan kamaya boshlagach bemorda surunkali buyrak yetishmovchiligining ilk yashirin bosqichi boshlanadi.
Buyrak va buyrakdan tashqari koʼplab kasalliklar, masalan buyrak parenximasi, glomerulonefritlar, pielonefrit, buyrak-tosh kasalligi, gidronefroz, qandli diabet, gemorragik vaskulitlar, amiloidoz va buyrak polikistozi, shuningdek uzoq yillar davom etgan gipertoniya, birlamchi va ikkilamchi arterial gipertenziyalar, ateroskleroz ham bevosita nefronlarning birin-ketin bujmayishiga sabab boʼladi.
Ilk alomatlar
ko’ngil-aynashi
Koʼngil aynishi, ogʼiz qurishi, bosh aylanishi, bosh ogʼrishi kabi yengil intoksikatsiya (zaharlanish) simptomlari, shuningdek nikturiya (kechasi koʼp peshob ajralishi) va yengil poliuriya (peshob miqdorining koʼpayishi) kasallikning ikkinchi bosqichida namoyon boʼla boshlaydi.
Kasallik bosqichdan bosqichga oʼtgani sari bemorda peshob miqdori koʼpayib boradi. Faqat oxirgi terminal bosqichiga kelib peshob miqdori kamaya boshlaydi. Shu bilan birga umumiy intoksikatsiya (zaxarlanish) belgilari kuchayaveradi. Bemorlarda buyrak bilan bogʼliq boʼlgan kamqonlik, suyaklar osteodistrofiyasi, osteoporozi va qonda boshqa minerallar va kislota-ishqor muvozanati nomutanosibligi yuzaga keladi.
Koʼp hollarda bemorlar buyrak sohasida ogʼriq boʼlmagani va peshob miqdori kamaymagani uchun oʼzlaridagi intoksikatsiya belgilarini oshqozon-ichak tizimi xastaliklariga yoʼyib mutaxassis nefrolog shifokorga kechikib murojaat qilishadi. Barcha xastaliklarda boʼlgani kabi surunkali buyrak yetishmovchiligida ham erta tashxis qoʼyilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Tashxis qoʼyishda bemorlarni kerakli laborator tekshiruvlaridan oʼtkazish zarur. Qonda mochevina, kreatinin, qoldiq azot kabi zaharlar, shuningdek gemoglobin, kaliy, natriy, kalьtsiy, fosfor mikroelementlarini miqdorini aniqlash, buyrak oʼlchamlarini ulьtratovush tekshiruvida koʼrish va boshqa bir qator sinamalarni oʼtkazish lozim boʼladi.
Parhez — koʼmakchi davo
parxez
Bemorga 7-parhez dasturxoni tavsiya etiladi. Unga koʼra osh tuzi chegaralanadi. Badanda shish boʼlgan holatda tuz umuman berilmaydi. Oqsilning sutkalik miqdori 40 grammgacha (shundan 70-75 foizi hayvon oqsili) kamaytiriladi.
Tavsiya etilgan miqdordagi mol goʼshti va baliq qaynatib pishiriladi. Ovqatning taʼmini limon kislotasi va souslar bilan yaxshilash mumkin.
Sut va sut mahsulotlari esa quyidagicha tavsiya etiladi: sut – 140 g, tvorog – 25 g, smetana – 140 g, tuxum sutkasiga 1 dona (chala pishgani), yormalar va sabzavotlar kuniga 400 g, kartoshka 300 g gacha beriladi. Qovoq parhezbop taom sifatida tavsiya etiladi.
Shuningdek mevalar, oʼtkir boʼlmagan choy va qahva, naʼmatak suvi, kepak ivitmasi, har xil sabzavot va meva sharbatlari tavsiya etiladi.
Nonushtaga manniy boʼtqasi buyuriladi.
Parhez davomida bemorlarga oliy va 1-navli undan tayyorlangan non va non mahsulotlari, yogʼli goʼsht, baliq va qoʼziqorinli achchiq shoʼrvalar, kolbasa, shoʼr baliq, dudlangan mahsulotlar, konservalar, ikra, dukkakli donlar, shovul, ismaloq, shokolad, kakao, qiyin eriydigan yogʼlar (dumba va charvi) tavsiya etilmaydi. Аlkogol, azotli ekstrativ moddalar, oʼtkir va tuzli hamda xamirli taomlar berilmaydi.
Sababini bartaraf eting
buyrak-ko’chirib-o’tkazish
Kasallikning toʼrtinchi terminal bosqichigacha boʼlgan davrda bemorga dori-darmonlar buyuriladi. Bunda zaharlanishga qarshi davo, kamqonlik va osteoporozni davolash hamda minerallar nomutanosibligini muvofiqlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʼriladi.
Kasallikni radikal (mutlaq) davolash usuli buyrak transplantatsiyasidir.
Surunkali buyrak yetishmovchiligining profilaktikasi unga olib keluvchi barcha kasalliklarni oʼz vaqtida mukammal davolashdan iborat.
Shuningdek buyrak kasalliklarini jadallashtiruvchi bir qator holatlar oʼtkir respirator virusli infektsiyalar, organizmdagi yiringli oʼchoqlarning boʼlishi (masalan absess, piodermiya, angina), har-xil zaharlanishlar (dori-darmon, alkogolь isteʼmoli) holatlari bartaraf etilishi lozim.
Maqsud SOBIROV,
tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Burhon MUNАVVАROV, nefrolog.

Surunkali buyrak yetishmovchiligi