Tishlar uchun zararli mahsulotlar ro‘yxati
Ko‘pgina oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibida tishlar emalini yemiruvchi va karies rivojlanishiga olib keluvchi zararli komponentlar mavjud. olimlar tishlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan mahsulotlarning ro‘yxatini tuzdi.
Musallas. Ushbu alkogolli ichimlik tish emalining holatini yomonlashtiradi. AQShlik mutaxassislar ichimlik tarkibidagi vino kislotasi tishlar qoplamasini parchalashga qodirligini aniqladi. Bundan tashqari, uzumning to‘q rangli navlaridan tayyorlangan musallaslar tish emalini qoraytirar ekan.
Gazlangan ichimliklar. Agar ular muntazam ravishda iste’mol qilinsa, unda kislota-ishqor muvozanatining buzilishi kabi muammo paydo bo‘ladi. Ushbu ichimliklar tarkibida katta miqdorda bo‘ladigan qand moddasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u xavfli bakteriyalar ko‘payishi uchun juda yaxshi muhitni yaratadi.
Vaznni tushiruvchi preparatlar. Bunday tabletkalarni qabul qilishdan ko‘riladigan ijobiy samara hozirgacha isbotlanmagan. Biroq olimlar bunday preparatlarning milklarga zararli ekanini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, ushbu tabletkalar kislotalilikni kamaytirish uchun zarur bo‘lgan so‘lak ajralishi hajmini ham tushirib yuboradi.
Idishlarga solingan suv. Idishlarga quyilib sotiladigan suv tish emaliga zarar yetkazadi. Oddiy suv tarkibida ko‘p miqdorda ftor moddasi bo‘ladi, idishlarga solingan suvda esa uni topolmaysiz. Ftor tishlarning mustahkamlanishiga yordam beradi hamda ularning ta’sirchanligini yo‘q qiladi.
Sitrus mevalari. Greypfrut, apel’sin, limon va mandarin sharbatlari ham tish emalini yemiradi. Ichimliklarda katta miqdorda tishlar eroziyasini keltirib chiqaruvchi kislotalar mavjud. Shifokorlar sitrus mevasini tanovul qilgandan so‘ng og‘iz bo‘shlig‘ini oddiy suvda chayqab tashlashni maslahat beradi.

Qahva va choy. Ular tish emalini yemiribgina qolmasdan, tishlarning qorayishiga ham olib keladi. Agar ushbu ichimliklar suiste’mol qilinsa, vaqt o‘tishi bilan tishlarda dog‘lar hosil bo‘ladi va ularni oddiy tish pastasi bilan yo‘q qilishning imkoni bo‘lmaydi. Qahva va choyning zararli ta’sirini kamaytirish uchun ularga sut qo‘shib ichish kerak.
Foydali Maslahatlar, Salomatlik, Salomatlik sirlari
Tishlar uchun zararli mahsulotlar ro‘yxati