Revmatizmning oqibatlari haqida

Revmatizmning oqibatlari haqida

Kuz faslining goh issiq, goh sovuq, gohida yomg‘ir tomchilagan kunlari revmatizm va boshqa revmatik turdagi kasalliklar xuruj qiladi. Bulutli havo bo’lgan paytda, qo’l, oyoq yoki bo’g‘imlardagi og‘riqdan shikoyat qiluvchilar ko’payadi. Bu kasallik deyarli 7-15 yoshli bolalarda uchraydi.

Revmatizm kasalligi surunkali tonzillit – tomoqning tez-tez og‘rib, yallig‘lanib turishi kuzatiladigan bolalarda va bodomcha bezlari yallig‘lanishi, ya’ni angina o’z vaqtida davolanmay oyoqda o’tkazilgandan so’ng 10-14 kun o’tgach boshlanadi. Bu kasallik maktab yoshidagi bolalarni shikastlaydi va kattalardagiga nisbatan anchayin o’tkir va og‘ir shaklda kechadi. Bola qanchalik kichik yoshda bo’lsa, unda kasallik shunchalik o’tkir, og‘ir va tarqalgan shaklda o’tadi.

Bunda organizmdagi barcha biriktiruvchi to’qimali a’zolar shikastlanadi. Ayniqsa, yirik bo’g‘imlar-tizza va tirsak zararlanadi. Bemorlarni qo’l va oyoq kaftidagi og‘riqlar ham bezovta qiladi. Ko’p hollarda bo’g‘imlarda shishli og‘riq kuzatiladi. Bu og‘riqlar bir necha soatdan bir necha kungacha davom etishi mumkin. Og‘riq tizza, boldir, tovon, tirsak, yelka bo’g‘imlarida ko’chib yuradi. Shuningdek, yurak qon-tomirlar, bo’g‘imlar zararlanadi. Bu paytda umumiy ahvolning yomonlashishi, holsizlik, ko’p terlash, tez charchab qolish kabilar ham kasallik avj olayotganidan darak beradi.

Kasallik tez-tez xastalanuvchi, surunkali anginaga chalingan, limfadenit, faringit bilan kasallangan bolalarda ko’p uchraydi. Shuningdek, kasallik rivojlanishiga shamollash, zax joylarda yurish, vaqtida ovqatlanmaslik, dam olmaslik, terlab suv ichish ham sabab bo’ladi. Surunkali tonzillit (angina) bilan xastalangan bemorlarning 30 foizida revmatizm kasalligi kelib chiqadi. Bu kasallik immun tizimi pastlarda ham kuzatiladi. Revmatizm nasliy moyillikka ham ega bo’lib, oilada ota yoki ona ushbu xastalik bilan og‘rigan bo’lsa, farzandlar ham kasallanadi. Revmatizm 6-15 yoshli qizlarda kasallik qovoqlarning ixtiyorsiz uchishi bilan boshlanadi. Har bir ona bu belgidan hushyor tortishi va farzandini shifokor ko’rigiga olib borib, vaqtida xastalikning oldini olish joiz.

revmatizmning oqibatlari haqida 65f04d8edf9f1

Bu kasallik bilan, asosan, maktab yoshidagi bolalar og‘riydi. Bulutli ob-havoli kunlarda farzandingizdagi har bir o’zgarishga e’tiborsiz bo’lmaslik lozim. Bolani tashqaridagi havo haroratiga mos kiyintirish ayrim kasallik va tashqi ta’sirdan saqlaydi. Boladagi tez-tez takrorlanuvchi tomoq og‘riqlari, angina keyinchalik revmatizmga sabab bo’lishi mumkin. Bemor yo’talganda, yutinganda og‘riq borligidan yoki ovoz bo’g‘ilishidan shikoyat qilsa, shifokorga ko’rsating. Agar dori-darmonlarsiz uy sharoitida muolaja qilmoqchi bo’lsangiz, bemorga moychechak (romashka) damlamasi bilan g‘arg‘ara qildiring. Bu paytda ovqatlanish tartibiga ham o’zgartirish kiritish kerak. Masalan, qaynatilgan suv, meva-sabzavotlardan sharbat, sut va sutli mahsulotlar, vitamin va minerallarga boy taomlar tayyorlab iste’mol qildirish lozim.

Revmatizm asorati ham butun organizm bo’ylab xavf solishi mumkin. Bo’g‘imlardagi og‘riq, yallig‘lanish o’tib ketadi, ammo buning oqibatida yurak, markaziy asab tizimi kabi eng muhim a’zolar shikastlanadi. Bemorlarning 90-95 foizida yurak zararlanishi kuzatiladi. Yurganda hansirash, yurak sohasida og‘riq, sanchiq, yurak o’ynashi va yurakning tez-tez urishida namoyon bo’ladi. Yurak nuqsonlari revmatizm xurujidan keyingi 2-3 yil ichida tez rivojlanadi. Bundan tashqari, bemorlar yuz sohasida turli ixtiyorsiz harakatlar paydo bo’ladi. Ko’z uchadi, qovoq ixtiyorsiz ravishda yumilib-ochiladi, bo’g‘imlarda harakat cheklanadi yoki bo’g‘imlar qiyshayadi. Bu holatlar ham nogironlikdan darak.

Revmatizmga chalinmaslik uchun organizmning immunitetini oshirishga, ob-havoga mos kiyinish hamda ovqatlanishga e’tibor berish kerak. Biror sport turi bilan shug‘ullanish yoki ertalabki badantarbiya ham salomatlik uchun muhimdir. Bu paytda mavsumbop taomlar tayyorlab yeyish maqsadga muvofiq. Bunday taomlarimizdan atala, yupqa, g‘ilmindi yoki dukkakli mahsulotlardan tayyorlanadigan moshxo’rda, palov kabi yeguliklarni iste’mol qilsak, organizmimizni quvvatlantiradi. Bu esa kasalliklarga qarshi himoya vazifasini bajarib, immunitetni mustahkamlaydi. Uyquning me’yorida bo’lishi ham organizmdagi surunkali kasallikni davolashga xizmat qiladi. Agar o’zingizda yuqoridagi belgilarni sezsangiz, darhol terapevt yoki revmatolog ko’rigiga boring.

revmatizmning oqibatlari haqida 65f04d8f63fdc

Foydali Maslahatlar, Salomatlik, Salomatlik sirlari
Revmatizmning oqibatlari haqida