Terining fiziologik vazifalari

Terining fiziologik vazifalari

Teri himoya, sekretor, issiqlikni idora etish, retseptor, nafas olish va rezorbsiya, moddalar almanishuvida ishtirok etish, chiqaruv kabi vazifalarni bajaradi.

Terining himoya vazifasi

Teri o‘ziga xos murakkab tuzilganligi sababli turli tashqi taʼsirlardan saqlaydigan to‘siq vazifasini o‘taydi. Bir-biri bilan zich joylashgan shoxsimon qavat hujayralari va yog‘li-suvli qobig‘ (mantiya) terini qurib qolishidan himoya qiladi. Yog‘li-suvli qobiqni ter va yog‘ bezlari orqali teri sathiga ajralib chiqayotgan yog‘, ter aralashmasi hosil qiladi.

Terining himoya vazifalari ichida uning mikroorganizmlardan himoya qilishi alohida ahamiyatga ega. Bu himoya asosan, doimo yangilanib turuvchi epiteliy va ter sathiga ajralib chiquvchi ter va yog‘ tarkibiga bog‘liq. Bundan tashqari suvli-yog‘li qobig‘ kislotali muhitga (RN- 5,5-6,2) ega bo‘lganligi uchun bu ham bakteriostatik taʼsir qiladi (ter va yog‘ tarkibidagi xloridlar, kichik molekulyar yog‘ kislotalari, gipoxloridlar, proteoglikanlar ham bakteriyalar ko‘payishiga to‘sqinlik qiladi).
Og‘iz shilliq qavati tuzilishi ham teri tuzilishiga yaqin bo‘lganligi uchun maʼlum bir himoya vazifasini o‘taydi, bu vazifa so‘lak tarkibidagi lizotsim hisobiga yanada kuchayadi.

Terining himoya vazifasi ichida teri va uning ostidagi to‘qimalarni ultrabinafsha nurlaridan (UBN) himoya qilishi alohida ahamiyatga ega. Bu vazifa terining epidermis qavati hujayralarida joylashgan melanin hisobiga amalga oshiriladi.
Melanin oqsili epidermis hujayralari yadrosining ustida soyabon shaklida joylashgan bo‘lib UBN uchun to‘siq (ekran) vazifasini o‘taydi. Agar bu ekran bo‘lmasa UBN hujayra yadrosini parchalab hujayraning nobud bo‘lishiga olib keladi va turli darajadagi kuyishlar kelib chiqishi mumkin. Bu holat ko‘prok albinizm va vitiligo bilan xastalangan bemorlarda bahor va yoz oylarida badanning ochiq sohalarida kuzatiladi. Shu sababli melanin epidermis hujayralarida qanchalik ko‘p bo‘lsa organizm quyosh nurlaridan shunchalik mukammal himoyalanadi.

Bezgak nima va uning belgilari qanday

Terining sekretor vazifasi

Bu vazifa keratinotsitlar, immunitetga bog‘liq hujayralar, yog‘ va ter bezlarining faoliyati bilan bog‘liq.
Epidermisning asosiy oqsili – keratinning hosil bo‘lishi keratinotsitlarning murakkab sekretor vazifasi hisoblanadi. Bu jarayonda epidermisning barcha qavat hujayralari ishtirok etib, bu jarayonning faolligi gipofizar-buyrak usti bezi tizimi holatiga bog‘liq bo‘ladi.

Terining sekretor faoliyatida ter va yog‘ bezlarining ahamiyati juda katta. Yog‘ bezlari tarkibida yog‘ kislotalari, xolesterin efirlari, alfatik alkogol, uglevodorodlar, glitserin, azot va fosfat birikmalari tutuvchi yog‘ni ishlab chiqaradi. Yog‘ bezlarida suyuq yoki yarim suyuq holda bo‘ladi va tashqariga ajralib chiqqach, ter bilan aralashib yog‘li-suvli qobig‘ni hosil qiladi. Bu qobig‘ bakteritsid va fungitsid taʼsir qilish xususiyatiga ega bo‘lib, terini tegishli mikroorganizmlardan himoya qiladi, uning yumshoq va mayinligini taʼminlaydi. Bundan tashqari yog‘ bezlari ekskretor (ajratish) vazifani ham o‘taydi. Ter yog‘i bilan tashqariga ichakda hosil bo‘luvchi toksik o‘rta molekulali peptidlar, dorivor preparatlar – yod, brom, antiprin, salitsil kislotasi, efedrin va boshqa preparatlar ham ajralib chiqadi.

Issiqlikni idora etish vazifasi

Badan haroratini mo‘ʼtadil bo‘lishi murakkab jarayon bo‘lib, bu jarayon shartli markaziy va pereferik boshqaruv hisobiga amalga oshiriladi. Teri pereferik issiqlikni idora etishda qatnashadi. Terining shoxsimon qavati, derma qavati va ayniqsa, teri osti yog‘ qavati issiqlikni qiyinchilik bilan o‘tkazuvchi to‘siq vazifasini o‘taydi.

Retseptor vazifasi

Asil teri va nerv tizimi ontogenez jarayonida bir embrional – mezoderma qavatidan shakllanadi. Shuning uchun ham bu tizimlar orasida juda murakkab funksional bog‘liqlik mavjud. Organizmda birorta aʼzo teri kabi ko‘p va turli tuzilishga ega bo‘lgan nerv oxirlariga ega emas, shuning uchun ham teri sathini o‘ziga xos retseptor maydoni, deb ham atash mumkin.

Ular tashqi muhitdan turli tasirotlarni qabul qiladi, shuning uchun ularni ekstroretseptorlar, deb ataladi. Turli nerv oxirlariga ega bo‘lgan retseptorlar turli taʼsirlarni qabul qilganligi uc hun ular mexanoretseptorlarga, xemoretseptorlarga, termoretseptorlarga va notsiretseptorlarga (og‘riq retseptorlariga) bo‘linadi. Morfologik jihatdan bu retseptorlar ozod (tutamlashgan) va o‘ralgan (kapsulali) bo‘lishi mumkin.

Nafas olish va rezarbsion vazifasi.

Terining rezarbsion xususiyati suvli-yog‘li qobig‘ miqdoriga va sifatiga, shoxsimon qavatning mustahkamligiga bog‘liq. Fiziologik giperkeratoz hisobiga qo‘l va oyoq kaftlari terisining rezorbsion faoliyati kam bo‘ladi. Badanning ter va yog‘ bezlari ko‘p joylashgan qismlarida bu xususiyat yaxshi rivojlangan bo‘lib, yog‘da va suvda eruvchi dori vositalari, fenol birikmalari, rezorsin, salitsil va borat kislotalari va ularning birikmalari yaxshi so‘riladi. Teri yallig‘langan paytda uning rezorbsion faoliyati kuchayadi, shu sababli mahalliy ishlatiladigan dori vositalari konsentratsiyasi terapevtik dozadan oshmasligi lozim. Terining nafas olishdagi ishtiroki juda sezilarsiz, teri organizm uchun kerak bo‘lgan kislorodning faqat 1/180 qismini olishda, ajralayotgan uglevodorodning esa 1/90 qismini ajratishda katnashadi xolos.

Terining moddalar almanishuvidagi ishtiroki

Terining bu faoliyati uning depo (yig‘ish, asrash) xususiyati bilan bog‘liq. Terida asosan uglevodlar, xolesterin, yod, brom, aminokislotalar, o‘t kislotalari va lipidlarning perekisli oksidlanishi natijasida hosil bulgan turli shlaklar to‘planadi. Shuning uchun ham modda almashinuvining buzilishi bilan kechadigan kasalliklarda, ayniqsa, qandli diabet va jigar kasalliklarida asosiy kasallik simptomlari paydo bo‘lishidan ancha oldin terida qichishish, sarg‘ayish kabi belgilar paydo bo‘ladi. Terida bunday moddalarning yig‘ilishida terining biriktiruvchi to‘qimalari, teri yog‘ qavatlari gidrofobligining ahamiyati katta. Bundan tashqari shoxsimon qavatga tashqaridan shimilgan turli kimyoviy birikmalar terida bir necha haftalar davomida saqlanishi mumkin.

Foydali Maslahatlar, Salomatlik, Salomatlik sirlari
Terining fiziologik vazifalari