Olma haqida
Olma tarkibidagi pektin va tegishli tolalar tufayli qondagi xolesterin darajasini kamaytiradi. Bir dona archilmagan olmada 3,5 gr tola, ya’ni bir sutkada organizmga zarur bo’ladigan tolalar me’yorining 10% dan ko’pi mavjud. Archilgan olmada esa tolalar miqdori 2,7 gr ni tashkil etadi. Tolalarning erimaydigan molekulalari xolesteringa yopishib, ularning organizmdan chiqishiga yordam beradi va bu bilan tomirlarning tiqilib qolishi, yurak xurujlari xavfini kamaytiradi. Shu bilan birga olmada pektinlar deb nomlanuvchi eriydigan tolalar ham bor, ular jigarda hosil bo’ladigan ortiqcha xolesterinni biriktiradi va organizmdan chiqarishga ko’maklashadi. Olma po’stlog’ida katta miqdorda kversetin antioksidanti mavjud bo’lib, u C vitamini bilan birga erkin radikallarning organizmga zararli ta’sir ko’rsatishiga xalaqit beradi. Pektin olmaga uning asosiy himoya kuchini beruvchi modda ham hisoblanadi. U organizmga kiruvchi qo’rg’oshin va margimush kabi zararli moddalarni bog’laydi va organizmdan chiqaradi. Olmadagi erimaydigan tolalar ich qotishining oldini oladi va bu bilan yo’g’on ichak saratoni rivojlanishining oldini oladi. Tadqiqotchilar kuniga 2 dona olma iste’mol qilish organizmdagi xolesterin miqdorini 16% ga kamaytirishini aniqlashgan. Xuddi shuncha olma kichik yoki o’rta boshli piyoz va 4 piyola ko’k choy bilan iste’mol qilinsa, yurak xuruji sodir bo’lishi xavfini 32% ga qisqartiradi. An’anaga ko’ra olma me’da buzilishiga qarshi tabiiy vosita hisoblanadi. U ovqat hazm bo’lishini me’yoriga keltiradi. Buning o’z sabablari bor: olmada ovqat hazm bo’lishiga yordam beruvchi olma va vino kislotasi mavjud. Olma urug’lari yod moddasiga juda boy. Agar kuniga 5-6 dona olma urug’i iste’mol qilinsa, yodga bo’lgan bir kunlik ehtiyoj to’liq qondiriladi, deyishadi. Olma avitaminoz, C vitamini miqdori kamayganida, kamqonlikda qo’llaniladi. Nordon olmalar sharbatidan nordon olma temir ekstrakti olinadi, undan kamqonlikda qo’llaniladi. Bundan tashqari olma siydik kislotasi hosil bo’lishiga to’sqinlik qiladi, qo’l-oyoqlar zirqirab og’rishi, surunkali bod kasalliklarida yordam beradi. Olma qaynatmalari va damlamalarini ichish juda foydali hisoblanadi. Buning uchun olmani kesib, choyga solib ichishning o’zi ham kifoya. Olmadagi fitonsidlar dizenteriya, tillarang stafilokokk, A grippi viruslarining qo’zg’atuvchilariga nisbatan faol bo’ladi. Fitonsidlarning mikroblarga qarshi faolligi mevaning o’rtasiga qarab ko’payib boradi. Shuningdek olmani infarktdan keyingi davrda iste ‘ mol qilish tavsiya etiladi. Olma sharbati yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi, aqliy mehnat bilan shug’ullanuvchi kishilar uchun juda foydali. Sharbatda qon hosil qiluvchi elementlar ko’p. Yangi tayyorlangan olma sharbati safro haydash va siydik haydash xususiyatiga ega. Uni gepatoxoletsistit xastaligida, buyrakda tosh yig’ilganida, oshqozon-ichak kasalliklarida, ateroskleroz xastaligida, organizamdagi modda almashinuvi jarayonlari (semirish, artrit, qo’l-oyoqlarning zirqirab og’rishi) buzilganida ichish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, olma immun tizimini mustahkamlaydi va qondagi qand miqdorini ushlab turishga yordam beradi. Olmani ho’l meva ko’rinishida iste’mol qilgan ma’qul, biroq biroz termik ishlovdan keyin ham u o’zining oziq moddalarining aksariyatini saqlab qoladi. Olmani po’stidan ajratmaslikka harakat qiling, chunki unda, yuqorida aytib o’tganimizday, juda ko’p miqdorda pektin moddasi va tolalar mavjud. Olma insult xavfini kamaytiradi. Uning bu xususiyati tarkibidagi fenolik kislotalari bilan bog’liq. Ular antioksidantlar guruhiga kiradi.Ushbu kislotalar tomirlarda tromblar hosil bo’lishining oldini oladi. Bir so’z bilan aytganda, olma sharbati sog’liqni mustahkamlash uchun ajoyib vositadir.
Olma haqida
DO`STLARGA ULASHING:
Olma ko’pchiligimizning eng sevimli mevalarimizdan biri. Bunga hayron qolmasayam bo’ladi, chunki u nafaqat g’aroyib ta’mga ega shirin meva, balki shifobaxsh xususiyatga ega ne’mat hamdir. Sharq tabobatining buyuk namoyondasi Abu Ali ibn Sino ham har kuni uxlashdan oldin bitta olma yeyishni tavsiya etgan. Olma turli-tuman vitaminlar, mikroelementlar va boshqa foydali moddalarning makoni hisoblanadi.Uning tarkibida C , B1 , B2 , P , E vitaminlari, karotin, kaliy, temir, marganets, kalsiy, pektinlar, qand moddasi, organik kislotalar mavjud .
Manba: Forum.ziyouz.com
Olma haqida