DOR USSIYODAT haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
DOR USSIYODAT haqida malumot bilib oling.

DOR USSIYODAT («Sayyidlar uyi») — Shaxrisabzdagi meʼmoriy yodgorlik (1379—80). Amir Temur qurdirgan. 19 — 20-a. boshlarida qisman taʼmirlangan. Farzandi Jahongir Mirzo maqbarasi (Hazrati Imom maqbarasi) va Amir Temurga moʻljallangan yer osti goʻrxonasi saqlanib qolgan. Dor ut-tilovat bilan bir ansamblni tashkil qilgan. Sharafuddin Ali Yazdiy «Zafarnoma»sida yozilishicha, Amir Temur Shahrisabzda maxsus bino qurdirgan, unda oʻz oʻgʻli Amirzoda Jahongir va b. amaldorlar hamda buzrukvorlarning daxmalari qoʻyilsin, deb farmon bergan.

Dor ussiyodat us-s. tarhi Yassaviy majmuasiga oʻxshash, asosiy gʻarbiy tarzi ravogʻi 20 m kenglikda boʻlib, kirish yoʻli xudoyixona (yoki saroyga), undan qoq oʻrtadagi Amir Temurga moʻljallangan yer osti sagʻanasi joylashgan binoga olib boradi. Xonaning muyulishidagi uzun yoʻlakdan yon xonalarga oʻtiladi. Bu xonalar oshxona, masjid, kutubxona, mehmonlar turadigan xujralar boʻlgan deb taxmin qilinadi.

Jaqongir maqbarasi Hazrati Imom maqbarasi nomi bilan mashxur. Islom dunyosida yirik olim hisoblangan Eron (Ray sh.)da vafot etgan kufalik Imom Muhammad ibn al-Hasan ibn Vohid Abu Abdulloh Shayboniy xoki Amir Temur tomonidan Shahrisabzga koʻchirilgan (1384) degan rivoyat bor (tarixiy manbalar buni tasdiqlamaydi). 1868—69 y. larda oʻrnatilgan maqbara eshigida Hazrati Imom nomi oʻyib yozilgan.

Maqbara ichkarisi murabba tarhli, yuza ravoqlar ichi va gumbaz osti bagʻallari muqarnas bilan toʻldirilgan. Tashqarisida 16 qirrali poygumbaz ustiga baland kuloqiy gumbaz oʻrnatilgan. Bu meʼmoriy uslub Xorazm meʼmorligiga xos boʻlib, qurilishda xorazmlik ustalar qatnashganligi haqida «Zafarnoma»da yozilgan. Ichkarida bagʻallar ostiga zangori boʻyoq bilan «Dono kishi buyuk maqsadlar b-n harakat qiladi, tentak odam yuksak maqsadni tutib turadi» degan maʼnodagi oʻgitlar yozilgan. Tarzlari sirkor gʻishtchalar bilan qoplangan. Jan.-gʻarbiy burchagidagi minora saqlangan. 19-a. oʻrtalarida maqbara yoniga sinchkor katta ayvon, hujralar va gumbazli xonaqohjome masjidi barpo etilgan. Masjid qurilishi vaqtida Amir Temurning yer osti goʻrxonasining qubbasi ochilgan.

1995—96 y. larda arxeologik qazishmalar natijasida majmuaning tarhi aniqlandi, poydevorlari mustahkamlandi, atrofi obodonlashtirildi. Umumiy taʼmirlash tadbirlari Amir Temur tavalludining 660-yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va nishonlash davrida amalga oshirildi.

Umumiy oʻlchamlari: D. us-s. — 70×50 m, Jahongir maqbarasi — 25×15 m, Amir Temur goʻrxonasi 5×5 m, masjidi 35×20 m.

LL. Mankovskaya L. Yu ., Qashqadaryo vohasining arxitektura yodgorliklari, T., 1979.

Ensiklopediya.uz
DOR USSIYODAT