DABBA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
DABBA haqida malumot bilib oling.

DABBAqorin boʻshligʻidagi aʼzolar (koʻpincha charvi va ichak)ning chov kanali orqali yorgʻoqqa (moyak xaltasiga) tushib qolishi, churraning bir turi. Chov kanalining kengayishi va moyak xususiy pardasining bitmay qolishi oqibatida Dabba tugʻma boʻlishi mumkin. Qorin devorining baʼzi sohasidagi ayrim muskullarning sust rivojlanganligi, kishi ozib yoki semirib ketganda muskul toʻqimasining yogʻ toʻqimasi bilan almashinishi sababli qorin devorining boʻshashib qolishi va shu davrda qorin boʻshligʻidagi bosimning ortishi Dabba rivojlanishiga imkon beradi. Dabbaning sabablari mahalliy va umumiy boʻladi. Bularga chov sohasining tuzilish xususiyatlari (mahalliy), ogʻir yuk koʻtarish, qabziyat, doimo kuchanish (umumiy) va h. k. kiradi. Yorgʻoqqa tushgan charvi va ichak qisilib qolganda (D. qisilganda) oʻz vaqtida operatsiya qilinmasa, ichak tutilishi mumkin. Dabba qisilib qolganda tez yordam chaqirish kerak. Dabba hatto hech bezovta qilmaganda ham operatsiya qilish lozim. Bemorning sogʻligʻi operatsiyaga imkon bermaganda bandaj taqib yurish tavsiya etiladi. Oldini olish: semirib yoki ozib ketishdan saqlanish, ogʻir yuk koʻtarmaslik, qorin devorini mustahkamlaydigan maxsus mashqlar (vrach tavsiyasi b-n) qilib turish kerak.

Ensiklopediya.uz
DABBA