Yeryong‘oq yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar
Yeryong‘oq yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar
DO`STLARGA ULASHING:
Yerni ekishga tayyorlash. Yeryong‘oq ekiladigan maydon kuzda fosforli va kaliyli o‘g‘itlar berilib 25-30 sm chuqurlikda shudgor qilinadi. Bahorda yer tobiga kelganda chizel qilinadi, tekislanadi. Tekislangan maydonda mayin tuproq hosil bo‘lgach 70 sm kenglikda jo‘yaklar olinadi. Kesakli va notekis yerlarga ekish tavsiya etilmaydi, aks holda urug‘lar bir tekistda, bir vaqtda to‘la unib chiqmaydi. Tup soni 25-30 foizga kamayadi.
Ekish muddati. Respublikamizning janubiy hududlarida aprel oyining birinchi-ikkinchi, markaziy mintaqada joylashgan hududlarida esa, aprelning uchinchi va may oyining birinchi o‘n kunligida ekish tavsiya etiladi.
Parvarishlash. Yeryong‘oq ko‘chatlari to‘la unib chiqqandan keyin qator aralari yumshatilib, begona o‘tlardan tozalanadi. O‘simliklarning bargi to‘q yashil rangga kirgandan keyin birinchi oziqlantiriladi va sug‘oriladi. Yeryong‘oq fosforli o‘g‘itlarga talabchan bo‘lganligi uchun jo‘yaklar olishdan oldin 0,1 ga yerga 30 kg ammofos, birinchi suv bilan esa 10-15 kg. dan azotli o‘g‘itlar berish tavsiya etiladi. Yeryong‘oqning yaxshi o‘sib-rivojlanishi uchun ekin qator oralarini yumshatish, o‘suv davrining dastlabki bosqichlarida tuproq haroratini ko‘tarish, havo almashuvini yaxshilash va begona o‘tlarni yo‘qotish juda ham muhimdir. Ikkinchi oziqlantirish esa, o‘simlik to‘la gulga kirgandan keyin o‘tkaziladi va 0,1 ga yerga 20-30 kg. dan azotli o‘g‘it beriladi.
Yeryong‘oqqa organik o‘g‘itlar berish tavsiya etilmaydi. Organik o‘g‘itlarni o‘tmishdosh o‘simliklarga berish ijobiy natija beradi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Yurtimiz sharoitida dukkaklarining pishib yetilish oldidan qorayib ketishi kuzatiladi. Bu kasallikka sug‘orish tartibining buzilishi, ya’ni ko‘llatib sug‘orish va me’yordan ortiqcha suv berish sabab bo‘ladi.
Hosilni yig‘ib olish. Yeryong‘oq hosilini issiq va quruq kunlarda yig‘ib olish tavsiya etilib. Bu muddat sentyabrning oxiri oktyabr oyining boshlariga to‘g‘ri keladi. Hosil pishib yetilganda o‘simlik barglari sarg‘ayadi. Urug‘lari yetilganda yong‘oq qobig‘i to‘rlanadi. Qobiqning ichki tomoni qorayadi. O‘zbekiston iqlim sharoitida hosilni sentyabr oyi oxiri-oktyabr boshlarida yig‘ilganda ochiq dalada poyasidan ajratilmagan holda bir necha kun davomida ushlab turilsa, urug‘ tarkibidagi namlik tez kamayadi hamda bu vaqt ichida ginoforlar qurib yong‘oqlardan oson ajraladi. Hosil yig‘ib olinganda yong‘oqlar tarkibidagi namlik 35-60% bo‘lib, shabada aylanadigan binolarda 8-10 santimetr qalinlikda yoyib quritish va vaqti-vaqti bilan joyida aylantirib, aralashtirib turish tavsiya etiladi.
Yeryong‘oq poyalari jodida maydalanadi, iliq suvda ivitiladi va kepakka aralashtirilib mollarga beriladi. Poyalaridan silos tayyorlash ham mumkin.
M. Amanova
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi sayti
Yeryong‘oq yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar