GOLLAND QORAMOL ZOTI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GOLLAND QORAMOL ZOTI haqida malumot bilib oling.

GOLLAND QORAMOL ZOTI — suti uchun boqiladigan zot. Gollandiyada mahalliy qoramol zotlarini uzoq davr yaxshilash yoʻli bilan yetishtirilgan. Golland qoramol zotining tana tuzilishi mustahkam, gavdasi katta, tusi koʻpincha qora-ola.

Sigirlarining vazni 500—600 kg, buqalariniki 700—900 kg. Buzoqlari 38 — 42 kg tugʻiladi, 6 oylik boʻlganda 160 — 170 kg keladi. Sigirlari oʻrtacha 3800 — 4200 kg, sof zotlilari 4500— 5500 kg gacha sut beradi. Suti moyliligi 4 — 4,2%. Jahondagi koʻpgina mamlakatlarga tarqalgan va bu joylarda unga qarindosh boʻlgan friz (Buyuk Britaniya, Fransiya), golshtinfriz (AQSH, Kanada, Yaponiya), daniya qora-ola, shved qora-ola, ostfriz, nemis qora-ola zotlari va b. chiqarilgan. Golland qoramol zoti Rossiyaga 17-a. oxiri — 18-a. boshlarida keltirilgan. Undan jaydari qoramol zotlari bilan urchitib, xolmogor, tagil, bestujev zotlarini chiqarishda foydalanilgan. Turli mamlakatlarda chikarilgan qora-ola qoramol zotlari mahsuldorlik va tana tuzilishiga koʻra bir-biridan farq qiladi. Ulardan AQSH golshtinfriz qoramoli eng yuqori mahsuldorligi bilan ajralib turadi (sogʻim davrida 10000 kg gacha sut beradi). Oʻzbekistonda mahalliy qoramol zotlarini Golland qoramol zoti bilan urchitib yetishtirilgan qora-ola zot respublikaning hamma viloyatlarida (Toshkent viloyatida koʻproq) boqiladi.

Ensiklopediya.uz
GOLLAND QORAMOL ZOTI