GIDROBIOLOGIYA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GIDROBIOLOGIYA haqida malumot bilib oling.

GIDROBIOLOGIYA (gidro… va biologiya) — biol. ning bir boʻlimi, suvda yashaydigan organizmlar va ularning yashash sharoiti bilan oʻzaro munosabatlarini hamda suv qavzalarining biologik mahsuddorligini oʻrganadi. Gidrobiologiya — ekologiya fani. Suv muhitidagi yashash sharoiti suv havzasining fizik-geografik xususiyatlari bilan bogʻliq. Mas, suvning kimyoviy tarkibi, xususan biogen elementlar va suvda erigan gazlarning tarkibi hamda ularning miqdori, suv tubi yotqiziqlari (choʻkindilari), suvning tiniqligi va b. xususiyatlar suvda yashaydigan organizmlar faoliyati bilan bogʻliq. Gidrobiologiya hayot jarayonlarini geografiya fanlari — limnologiya va okeanologiya bilan birga oʻrganadi.

Suv muhitining biologik resurelaridan toʻgʻri foydalanishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish Gidrobiologiyada muhim oʻrin tutadi, chunki bu masalalar dengizlarda baliq ovlash, sholipoyalarda baliq yetishtirish, hovuz baliqchiligi, shuningdek suv hayvonlarini koʻpaytirish va ovlash tadbirlari bilan bevosita bogʻliq. Aholini va sanoatni toza suv bilan taʼminlash, tabiiy suvlarni ifloslanishdan saqlash, ifloslangan suvlarning oʻz-oʻzidan tozalanish jarayonlari hamda oqar suvlarni biologik tozalash usullari (sanitariya G. si) kabi biologik masalalar ham Gidrobiologiyaning muhim yoʻnalishidir. Suvning ifloslanganlik darajasi Gidrobiologiya metodlari b-n aniqlanadi (suv sifatini biologik analiz qilish). Suv bilan taʼminlash va kemalar qatnoviga xalaqit beradigan biologik sabablar (kemalarning korpusi, har xil apparatlari va gidrotexnik kurilmalarida, issiqlik elektrstansiyalarining trubalarida mikro-organizmlarning koʻpayib ketishi, suv havzalarining suv oʻsimliklari bilan ifloslanishi) muammolari texnik Gidrobiologiyaga kiradi. Gidroakustikalarga doir maʼlumotlar — tovushning tarqalishi va yutilishida planktonning taʼsirini aniqlash ham Gidrobiologiyaning vazifasidir. Flotdan foydalanishga xalaqit beradigan biologik sabablarni, shuningdek biolyuminessensiyani navigatsiya G. si, sholipoyalar oʻgʻitlanganida shu yerdagi suvlarda sholi yetishtirish b-n bir vaqtda baliq urchitishda gidrobiontlar rolini q. x. G. si oʻrganadi. Tabiiy suvlarni tasnif qilish, ularning biologik mahsuddorligini oʻrganish, suv muhitidagi, moddalarning biologik aylanishi va suvdagi energiya oqimini suv havzalarida kechadigan biologik jarayonlarni tadqiq qilish ham Gidrobiologiyaning vazifasiga kiradi. Gidrobiologik bilimlar va metodlardan suv havzalari oziq bazasini baholashda, baliqchilikda keng foydalaniladi.

Oʻzbekiston suv havzalarini oʻrganishni 19-a. oʻrtalarida rus tadqiqotchilari A. Lemon (1814—42), F. Baziner (1842), A. I. Butakov (1848-49) boshlab bergan. Dastlab tadqiqotlar Orol dengizida baliq ovlash bilan bogʻliq boʻlgan edi. 20y. boshlarida Orol dengizi faunasini oʻrganishda S. A. Zernov, L. S. Berglarning ixtiologiya va Gidrobiologiya sohasida olib borgan tadqiqotlari alohida ahamiyatga ega. 1920-y. ga kelib Oʻrta Osiyo davlat un-ti va Orol baliqchilik st-yasining tashkil etilishi ixtiologik va gidrobiologik tadqiqotlarning ancha rivojlanishiga sabab boʻldi. Bu davrda oʻtkazilgan gidrobiologik tadqiqotlarda ichki suv havzalaridan ovlanadigan baliqlar va shu suv havzalarining gidrobiologik rejimi oʻrganiddi. Suv havzalari va sholipoyalarni gidrobiologik tadqiq qilish va ularda baliq oʻstirish yuzasidan ilmiy tadqiqot ishlari boshlab yuborildi (A. M. Muhammadiyev). Gidrobiologik tadqiqotlar ayniqsa 20-a. oʻrtalarida Oʻzbekiston FA Zoologiya in-ti va gidrobiologiya lab. tashkil etilishi bilan avj olib ketdi. Aynan shu davrda Kattaqoʻrgʻon, Qoʻyimozor, Toʻdakoʻl suv omborlarida baliqchilikni rivojlantirish borasida bir qator tadqiqotlar oʻtkazildi (M. O. Abdullayev, Gʻ. K. Komilov, L. K. Sibirseva). 1967—79 y. larda suv omborlarining gidrobiologik rejimi, ularning oziq bazasini aniqlash, shuningdek sunʼiy hovuzlarda oʻstirilayotgan baliqlarning mahsuldorligini oshirish ustida ilmiy izlanishlar olib borildi (A. Omonov, M. O. Abdullayev va b.).

1979—81 y. larda suv havzalarining biologik rejimi, suvning ifloslanishi, suv hayvonlarining ekologiyasi, shuningdek baliqlar faunasining shakllanishi va baliq resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha i. t. ishlari amalga oshirildi (A. M. Muhammadiyev, D. Mansurova, A. L. Shikidze va b.), 20-a. ning soʻnggi yillarida suv havzalari hayvonot dunyosining biologik xilma-xilligini saqlash borasida i. t. lar olib borildi (K. Sattorov, B. Komilov, E. Togayev, V. Xegay, Yu. Golubenko, T. Solihov, U. Mirzayev, G. Rahmatullayeva, A. Kuzmetov va b.). G. sohasidagi ishlar Oʻzbekiston FA Zoologiya in-ti, «Oʻzbaliq» korporatsiyasiga tegishli akvakultura in-ti, OʻzMUning biol.

tuproqshunoslik f-tida va b. bir qancha ilmiy muassasalarda olib boriladi.

Ulugʻbek Mirzayev.

Ensiklopediya.uz
GIDROBIOLOGIYA