VARRAK haqida malumot bilib oling.
VARRAK — shamolda uchiriladigan oʻyinchoq. Sirtiga shamol bosimi taʼsir etishi natijasida havoga koʻtariladi. Asosiy qismlari: qamishlarga tarang tortilgan mato yoki xitoy qogʻoz (aerodinamik sirt), chillakka (gʻaltakka) oʻralgan ip, Varrakni ipga ulaydigan nizomlar, Varrakni osmonda muallaq tutib turadigan shokildalar yoki dum. V. lar turli shakllarda yasaladi. Shakliga koʻra, Varrak besh qamishli (oddiy), ikki qamishli (laylaki), sirtlarining shakli boʻyicha bir tekislikli hamda koʻp tekislikli (ajdarsimon) va b., shokildalari turiga koʻra ikki, uch, qator shokildali va dumli xillarga boʻlinadi. Katta-kichikligiga koʻra oddiy va katta (quroq) V. lar boʻladi. Oddiy besh qamishli Varrakni yasashda qogʻoz yoki mato toʻgʻri toʻrtburchak shaklda bichiladi. Qamishlar bir xil yoʻgʻonlikda yoʻniladi va bichilgan xitoy qogʻozga yelim bilan avval oʻrtamak, keyin boshamak 2, belamak 3, shoxamak 4 lar yopishtiriladi. Soʻngra belamakka tumorcha, shoxamaklariga quloqlar va shokildalar yopishtiriladi. Bir oz vaqt quritilgandan soʻng boshamak va bslamaklar ip bilan egib bogʻlanadi. Shamolda ovoz chiqarib turishi uchun boshamakka dardirak yopishtiriladi. Nizomlar oʻtkazilib, ipga bogʻlanadi.
Laylaki Varrakni yasashda kvadrat shakldagi mato yoki qogʻozga avval diagonali boʻyicha oʻrtamak yopishtiriladi. Soʻngra ikkinchi diagonali boʻyicha qamishni egib yopishtiriladi. Nizomning bir uchi oʻrtamak bilan egilgan qamish tutashgan joyga, ikkinchi uchi esa oʻrtamakning egilgan qamish uchlaridan oʻtgan chiziq b-n tutashgan joyga bogʻlanadi. Varrak aerodinamik sirtining simmetrikligi buzilgan boʻlsa, besh qamishlisida shoxamaklarning pastki uchlariga ip bogʻlanib, ipning oʻrta qismiga, laylakida esa oʻrtamakka dum bogʻlanadi.
Varrakning quroq deb ataladigan turi katta boʻlib, qalin qogʻoz yoki yupqa matoga sambittol, behi yogʻochi, reykani yelim bilan yopishtirib yasaladi.
Varrak qadimdan maʼlum boʻlib, ayniqsa Xitoyda juda taraqqiy etgan. 19-a. oxiri—20-a. boshlarida Varrakdan atmosferaning yuqori qatlamlarini tekshirishda, joylarni suratga olishda va sport maqsadlarida foydalanishgan. Aviatsiya, uchish apparatlarining rivojlanishi bilan Varrakdan faqat sport va oʻyin maqsadlarida foydalaniladi.
Ensiklopediya.uz
VARRAK